Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda olti turdagi kasallik tobora keng tarqalmoqda
19:36 / 2022-08-26

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yurtimiz bo‘ylab sog‘lomlashtirish aksiyalari o‘tkazilib, chekka hududlarda yashovchi bemorlar huzuriga eng malakali shifokorlar, yetakchi tibbiyot olimlarining o‘zlari kirib bormoqda.

Ayni kunlarda esa Toshkent shahrida salomatlik aksiyasi va sayyor tibbiy qabullar bo‘lib o‘tmoqda. Tumanlar kesimida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlarga mamlakatimizning 150 nafardan ziyod malakali mutaxassislari jalb qilingan bo‘lib, aholini zarur ko‘riklardan o‘tkazmoqda. Chuqurlashtirilgan tibbiy xizmatga muhtoj bemorlarga bepul yo‘llanmalar rasmiylashtirilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda.

SSV matbuot xizmatining ta’kidlashicha, poytaxtda tashkil etilayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi davomida dastlab shahar aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ularda aniqlangan kasalliklar bo‘yicha tumanlar kesimida bemorlar ro‘yxatini shakllantirish rejalashtirilgan.

Ichki sekretsiya bezlari, ovqat va modda almashinuvi xastaliklari, qon aylanish tizimi, ovqat hazm qilish, qon va qon yaratish hamda nafas olish a’zolari kasalliklari tobora keng tarqalayotgan poytaxt Toshkentda mazkur sog‘lomlashtirish aksiyasining o‘tkazilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida 2 million 860 mingdan ziyod aholi istiqomat qilib, ularga 211 ta tibbiyot muassasasi xizmat ko‘rsatadi. Shundan 167 tasi Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tasarrufidagi, qolgan 44 tasi respublika ixtisoslashtirilgan markazlar va klinik shifoxonalaridir. Shuningdek, 70 ta oilaviy poliklinika, 1 ta talabalar, 12 ta markaziy ko‘p tarmoqli, 7 ta bolalar va 3 ta kattalar stomatologiya poliklinikasi bo‘lib, 1 ta tuman, 38 ta shifoxona hamda 5 ta bolalar klinik tibbiyot muassasasida shahar aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.

M.Qosimova, O‘zA