Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi "Askiya city" turar joy qurilish maydonchasida erkak zinapoyadan yiqilib vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur qurilish noqonuniy ravishda olib borilgan.
Qayd etilishicha, 2020 yil may oyida mazkur ob’ektda olib borilayotgan qurilish ishlari Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga zid ekani aniqlangan. Ya’ni, ishlar Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasini xabardor qilmagan holda va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan tarzda boshlangan.
2020 yil 27 mayda inspeksiya tomonidan qurilish ishlarini to‘xtatish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berilgan. Ma’muriy javobgarlikka tortilgan hamda qurilish-montaj ishlari to‘xtatilgan.
Ammo, o‘tgan yilning 26 aprel kuni olib borilgan qayta tekshiruv jarayonida ishlar davom etayotgani aniqlangan va qurilish mas’ullari chaqirtirilgan. Ammo ular qurilish ob’ektiga kelmagan va talab qilingan hujjatlar taqdim etilmagan.
Shu sababli mazkur holat yuzasidan mahalla profilaktika inspektori ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan hamda tegishli tekshiruv ishlari yakunlangan. Holatga huquqiy baho berish uchun tegishli huquq-tartibot organlariga da’vo arizalari kiritilgan.
Hozirda Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan ushbu ob’ekt bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Shuningdek, ob’ektda barcha turdagi qurilish va montaj ishlari to‘xtatilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA