Bugungi kunda mamlakatimizda diniy ta’lim olish uchun barcha qonuniy shart-sharoitlar yaratilganiga qaramay, ayrim shaxslar shaxsiy manfaat yo‘lida yoshlarni noqonuniy diniy ta’limga jalb qilayotgani achinarli holatdir.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti, uning hududiy bo‘linmalari hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanida radikallashuvga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida 1988 va 1999 yillarda tug‘ilgan, Toshkent islom instituti talabalari bo‘lgan shaxslar tomonidan noqonuniy diniy ta’lim tashkil etilgani aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, ular o‘z bilganicha “hujra” tashkil qilib, viloyatlardan kelgan ikki nafar voyaga yetmagan hamda yana ikki nafar o‘quvchi yoshga yotoq sharoitida, qonunga xilof diniy adabiyotlardan foydalangan holda diniy ta’lim berib kelgan. Ushbu noqonuniy faoliyat Sirg‘ali tumani Nomdanak mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli xonadonlardan birida 2024 yildan buyon davom etib kelgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan ayblanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-prim moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, hujrada ta’lim olgan voyaga yetmaganlarning ota-onalari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi asosida javobgarlikka tortilgan.
Xamroz Bayanov, O‘zA