Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda Nazariy fizika instituti tashkil etiladi
12:35 / 2025-12-19

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ”Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika institutini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika instituti tashkil etiladi. 

Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilandi: 

nazariy fizika sohasining dolzarb muammolari ilmiy yechimiga qaratilgan hamda uning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda ishtirok etish; 

nazariy fizikaning kvant maydon nazariyasi, subatom fizikasi, nochiziqli fizika, gravitatsion maydon nazariyasi, kvant tarmoqlar va dinamik tizimlarning muammolari bo‘yicha ilmiy anjumanlar tashkil etish; 

yosh olimlar uchun nazariy fizikaning kvant maydon nazariyasi, subatom fizikasi, nochiziqli fizika, gravitatsion maydon nazariyasi, kvant tarmoqlar va dinamik tizimlar bo‘yicha zamonaviy ilmiy-o‘quv materiallarni nashrga tayyorlash; 

fizika sohasida professor-o‘qituvchilar, talabalar, doktorantlarning ilmiy tadqiqotlarda birgalikdagi ishtirok etishi asosida oliy ta’lim tashkilotlarining ilmiy, amaliy va o‘quv faoliyati bilan integratsiyasini mustahkamlash; 

oliy ta’lim tashkilotlarida iqtidorli talabalar va magistrantlarni ilmiy faoliyatga jalb etish orqali yuqori salohiyatli yosh nazariyotchi fiziklarni tayyorlashda oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘maklashish; 

fizika sohasida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, rivojlangan mamlakatlarning nazariy fizika markazlari bilan sohadagi eng ilg‘or hamda istiqbolli tadqiqotlar bo‘yicha xalqaro aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashish; 

fizika sohasida rivojlangan mamlakatlarda olib borilayotgan tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari to‘g‘risida tahliliy ma’lumotlar tayyorlash; 

fizika sohasida nufuzli xalqaro ma’lumotlar bazalaridagi jurnallarda nazariy fizika bo‘yicha nashrlar sonini oshirish hamda fizika sohasidagi ilmiy jurnallarni bosqichma-bosqich nufuzli xalqaro ma’lumotlar bazalariga kiritishga ko‘maklashish. 

Qarorga muvofiq, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Nazariy fizika institutining tuzilmasi  tasdiqlandi. 

O‘zA