Ma’lumki, bugungi kunda har bir sohada innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish va elektron tizimni joriy etish yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, jamoat transportlarida ham. bugungi kunda poytaxtimizdagi avtobuslarning 70 foizidan ortig‘ida elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi mobil validatorlar bilan ta’minlangan. Ularning soni kun sayin oshmoqda. Endilikda transport kartangizni validatorga tekkizasiz, avtomatik ravishda yo‘l haqini yechib oladi.
bugungi kunda jamoat transportidan foydalanuvchilarning 60-65 foizi elektron transport kartalaridan foydalanadi. Xo‘sh, yo‘lovchilar uchun ushbu to‘lov turining qay biri afzal?
"Jamoat transportlaridan avtobus, metroda ham asosan kartalardan foydalanaman. Chunki juda qulay, —deydi Nodir Davlatov. – Ko‘pincha metroga tushganimizda, chipta olishga turnaqator navbatlar ko‘p bo‘ladi. Transport kartada navbat kutmaysiz. Vaqtingiz tejaladi“.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2022 yil davomida 415 mingdan ortiq ATTO transport kartalari sotilgan. Bu 2021 yilga nisbatan 234 foizga ko‘p. Kartalarni to‘ldirish esa 2021 yilga nisbatan 615 foizga oshgan. 62,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Hozirgi kunda poytaxt jamoat transportlarida 850 tranzaksiya amalga oshirildi. Naqd pulsiz to‘lovning ulushi deyarli 60 foizni tashkil qilmoqda.
«Toshshahartransxizmat» AJ bo‘lim boshlig‘i Iroda Ismoilovaning aytishicha, bugunga kelib ATTO transport kartalari, bank kartalari, QR chiptalar orqali ham to‘lovni amalga oshirish mumkin. Jamoat transportlariga to‘lovning 55-60 foizini mazkur tizim orqali amalga oshirilmoqda. Naqd pul tushimi ham avtomatlashtirishga erishildi. Shu tufayli o‘z yo‘lkira haqidan kelib tushadigan pul mablag‘lari hisobini olib borishda ham to‘liq shaffoflikka erishiladi. Hozirda ATTO transport kartalari faollashgan. bugungi kunda 630 mingdan ortiq transport kartalari mavjud.
Kuzatishlar shundan dalolat beradiki, aholi o‘rtasida muomala vositasiga aylangan naqd pullar turli sharoitlarda saqlanishi va foydalanilganini hisobga olsak, elektron kartalar gigiyenik tomondan ham foydali hisoblanadi. Ayniqsa, jamoat transportlarida bunga yaqqol guvoh bo‘lish mumkin.
Shuni aytish joiz, muomalaga kiritilgan avtomatlashtirilgan tizim va yagona transport kartalarining birmuncha afzalliklari mavjud. Bu turdagi kartalarni metroning kassalari hamda oylik yo‘l chiptalari bilan savdo qiluvchi shoxobchalardan xarid qilish mumkin.
Samarqand viloyat transport boshqarmasining ma’lum qilishicha, bugungi kunda jamoat transportida yo‘lkira haqini elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirish mumkin. Hozirda «ATTO» yagona transport kartasi, Humo, Uzsard (yangisi), Viza, Mastersard hamda smartfonlar orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Qolgan viloyatlarda ham bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda mamlakatimizda jamoat transporti to‘lovini elektron usulda amalga oshirish ommalashgan. Jamoat transporti yo‘lkira haqi elektron to‘lov tizimi orqali to‘lanishi, avvalo jamoat transportining rivojlanishiga, natijada xizmat ko‘rsatish sifati oshishiga sabab bo‘ladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA