Toshkentda metroning to‘rt bekatida vestibyullar qayta ochildi
Toshkent metropolitenining xabar berishicha, shahar aholisining metrodan foydalanish darajasi va yo‘lovchi oqimining ortishi munosabati bilan uzoq yillar davomida yopiq bo‘lib kelgan “O‘zbekiston”, “Mashinasozlar”, “G‘afur G‘ulom” va “Milliy bog‘” metro bekatlarining bir tomon kirish (vestibyul) qismlari qayta ochildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur vestibyullar to‘liq ta’mirlangan va zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlangan. Shuningdek, eskalatorlar, nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun liftlar va sanitar hojatxonalar ham yangilangan.

Vestibyullarning qayta ochilishi yo‘lovchilar uchun qulaylik va xavfsizlikni ta’minlaydi, shuningdek transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga xizmat qiladi.


Yo‘lovchilar ushbu bekatlardagi vestibyullardan 2025 yil 11 dekabrdan boshlab foydalanishlari mumkin.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA