Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda “Men Gʻolib” vatanparvarlik yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi
16:23 / 2023-02-17

Yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirish orqali aholi salomatligini muhofaza qilish ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Shu ma’noda, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi va tegishli tashkilotlar sa’y-harakati va jonbozligi natijasida o‘nlab ommaviy yugurish musobaqalari tashkil etilib, xalqimiz orasida sog‘lom turmush tarzi keng targ‘ib qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining tashkil topganligining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlanib 19 fevral kuni o‘tkaziladigan “Men Gʻolib” vatanparvarlik yugurish musobaqasi ham ayni maqsadlarning amalga oshishiga qaratilgan.

Mazkur yugurish tadbirlariga tayyorgarlikning borishi, unda qancha jamoa ishtirok etishi xususida O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi yetakchi mutaxassisi, “Men Gʻolib” yugurish musobaqasi tashkiliy qo‘mitasi a’zosi Shuhrat USMONOV bilan suhbatlashdik.

– “Men Gʻolib” yugurish musobaqasi turli platformalarda tizimli tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Bugungacha o‘tgan ushbu yugurish musobaqalarida ikki yuz qirq ming nafardan ziyod ishtirokchi qatnashdi. E’tiborli jihati, mazkur sog‘lomlashtirish tadbiri tufayli yuzlab kishilar yugurishni o‘zlarining kundalik mashg‘ulotiga aylantirib oldi.

– Bu galgi musobaqalar qanday tartibda o‘tkaziladi va unda kimlar qatnashishi mumkin?

– Yugurish musobaqalari poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” maydoni atrofidagi ko‘chalar bo‘ylab o‘tkaziladi. Tadbirning aynan yakshanba kunga mo‘ljallangani shu kuni poytaxtimizda transport harakati bir muncha kamayadi. Keyin ko‘pchilik shu kuni dam oladi. Dam olish kunini sog‘lom turmush tarziga amal qilgan holda o‘tkazish esa juda maroqli, deb o‘ylayman.

– Musobaqalar yakkalik holatda o‘tkaziladimi yoki jamoaviy? Yugurish masofasi qanchani tashkil etmoqda?

– Yugurish musobaqasi jamoaviy tarzda 10 kilometr masofada bo‘lib o‘tadi. Unda asosan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari va kuch tuzilmalari jamoalari o‘z talabnomalarini taqdim etgan. Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat Xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura kabi tashkilotlardan 12 ta jamoa qatnashishi kutilmoqda. Har bir jamoada ishtirokchilar soni 20 nafar kishidan iborat bo‘lishi lozim. Shu o‘rinda aytishim kerakki, ushbu yugurish musobaqasida 2021-2023 yillar oralig‘ida sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasiga a’zo bo‘lgan sportchilar qatnashishi ta’qiqlanadi.

– Musobaqada ishtirok etish istagini bildirgan insonlar ham qatnashishi mumkinmi?

– Albatta shunday. Aytib o‘tganimdek, professional sportchilardan tashqari aholi vakillarining barchasi “Men Gʻolib” yugurish musobaqasida ro‘yxatdan o‘tmagan holda ko‘ngilli tarzda erkin ishtirok etishi mumkin. Asosiy maqsadimiz insonlarni yugurishga, sog‘lom turmush tarziga jalb etishga qaratilgan. Ta’kidlamoq kerakki, yugurish bilan shug‘ullangan, salomatligiga e’tiborli bo‘lgan har bir inson davlatimizning bebaho boyligi hisoblanadi. Zotan, jamiyat rivoji, mamlakatimizning kuch-qudrati sog‘lom, barkamol avlod vakillari bilan belgilanadiki, bu, qabul qilinayotgan davlat ahamiyatiga molik qaror va dasturlarda ham doimiy holda ifoda etib kelinmoqda.

O‘zA muxbiri To‘lqin RO‘ZIEV suhbatlashdi.