Toshkent shahrida marketing sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri — IV Tashkent Marketing Forum 2026 o‘tkazilmoqda. Mazkur nufuzli forum Raqobat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Marketing Assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Forumning ochilish marosimida Qo‘mita raisi o‘rinbosari U. Davlatov marketing zamonaviy iqtisodiyot sharoitida biznesni rivojlantirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va iste’molchilar ehtiyojlarini chuqur tahlil qilishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Shuningdek, davlat organi sifatida Raqobat qo‘mitasi bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor ekanini bildirdi.

Tadbirda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan ekspertlar, biznes vakillari hamda marketing mutaxassislari ishtirok etmoqda. Forum dasturi marketingning yetti asosiy yo‘nalishi bo‘yicha muhokamalar, panel sessiyalar va amaliy keyslarni o‘z ichiga olgan. Jumladan, raqamli marketing, brending, PR va SMM, shuningdek, AI va IT sohalaridagi zamonaviy yechimlar keng muhokama qilinayotir.

Ta’kidlanganidek, mazkur forum media va marketing savodxonligini oshirish, tahliliy fikrlash va zamonaviy kommunikatsiya ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u reklama va marketing sohasi mutaxassislarini yagona maydonga jamlab, innovatsion g‘oyalar va samarali hamkorliklar uchun mustahkam platforma vazifasini bajarmoqda.

Tashkilotchilarning fikricha, ushbu forum mamlakatimiz biznes muhitida yangi imkoniyatlar eshigini ochishi kutilmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA