Davlatimiz rahbarining joriy yil 8 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilinib, tegishli tashkilotlarga ma’lum vazifalar yuklatildi. Zarur chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Jumladan, xalqaro antidoping agentliklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan xolda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni xorij mamlakatlariga ko‘rsatish va xalqaro tajribani o‘rganish asnosida O‘zbekistonda bu borada shaffof tizim yaratish masalasidagi ishlar mundarijasini xalqaro jamoatchilikka yanada yorqinroq namoyon etish nazarda tutilgan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 13-14 sentyabr kunlari poytaxtimiz Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqaviy antidoping tashkiloti (RADOSA)ning navbatdagi hisobot yig‘ilishi tashkil etiladi. Yig‘ilish dasturiga binoan RADOSAga a’zo – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Turkmaniston, Tojikiston, Mo‘g‘uliston, Pokiston va O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentliklarining dopingga qarshi kurashish borasida amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan hisoboti tinglanadi. Odindagi yangi rejalar bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumki, RADOSA Butunjahon antidoping agentligi (WADA) tarkibiga kiruvchi tashkilot hisoblanib, mamlakatlarda antidoping sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish, ular faoliyati monitoringini yuritish, zarur hollarda amaliy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
2004 yili WADAning mamlakatlarda halol sportni yo‘lga qo‘yish, davlatlarni toza sportga jalb qilish dasturiga asosan tashkil etilgan RADOSA tizimi hozirgi kunda dunyoning 12 mintaqasida faoliyat olib bormoqda. 119 ta milliy antidoping agentliklari va Milliy olimpiya qo‘mitalari uning a’zolari sanaladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA