Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda jizzaxlik hokimlarning malakasi oshirilmoqda
13:30 / 2023-05-07

Jizzax viloyatining Baxmal, Zomin, Forish, Yangiobod va G‘allaorol tumanlari hokimlari va ularning moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari respublikamiz poytaxtida malaka oshirish saboqlarida ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 fevraldagi Jizzaxga tashrifi davomida nomlari yuqorida zikr etilgan viloyatdagi tog‘li va tog‘oldi tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar dasturini va amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlash, shu tumanlar hokimlarini sohalar rivojidan kelib chiqib, malakasini oshirish, bunda mamlakatimizning eng iqtidorli professor va olimlari, tadbirkorlari, tumanlarni iqtisodiy rivojlantirish bilan bog‘liq soha mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘qitish ishlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. 
Prezidentimizning ana shu topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida 5 ta tuman hokimlari va ularning moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari Toshkent shahrida o‘z malakalarini oshirish saboqlarida qatnashmoqda.
– Tajriba saboqlarining tumanni barqaror va jadal rivojlantirishning yangi omillari, shunga mos ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni ko‘tarish tendensiyalari, tabiiy xom ashyo resurslaridan foydalanish va ularga tadbirkorlarni keng jalb etish sohalarini o‘rganish bo‘yicha aniq misollar bilan dastlabki saboqlarni oldik, – deydi Baxmal tumani hokimi Musa Anorboyev. – “INNO” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida ham bo‘lib ta’lim, fan va ishlab chiqarishni uyg‘unlashuvi asosida yaratilgan mahsulotlar, ishlanmalar, IT dasturlar bilan tanishdik. bugungi saboqlardan kelib chiqib, tumanimiz yoshlariga yangi ish o‘rinlari yaratishda shu sohani yanada rivojlantirishni asosiy maqsad qilib qo‘ydim.
Malaka oshirish saboqlarining keyingi kunlarda Baxmal, Zomin, Forish, Yangiobod va G‘allaorol tumanlari hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari ushbu jarayonlar davomida davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yanada jadallashtirish, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon tarmoqlari, turizm va boshqa shu kabi sohalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalari ham oshiriladi.

A.QAYUMOV, O‘zA