Bugun, 10 iyul kuni Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Farobiy ko‘chasidan o‘tgan issiqlik ta’minoti quvuri kuchli bosim ostida yorilib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Aniqlanishicha, ushbu holat rejaviy tadbir asosida o‘tkazilgan kommunal tarmoqdagi issiq suv tarmog‘ini bosim ostida tekshirish jarayonida yuzaga kelgan. Hozirda issiqlik suv quvuridagi ushbu hodisa kommunal-texnik avariya-tiklash brigadasi kuch va vositalari bilan bartaraf etilib, nosozlik oqibatlarini tugatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Voqea joyiga Toshkent shahar FVB, SSB va kommunal soha tashkilotlari mas’ullari hamda kuch va vositalari jalb qilingan.

Hodisa oqibatida 3 nafar fuqaro yengil tan jarohati olgan va ularga voqea joyida tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilgan. Ularni shifoxonaga olib borishga ehtiyoj bo‘lmagani sababli, o‘z uylariga ruxsat berilgan.
Veolia Energy mazkur hodisaga rasmiy munosabat bildirdi.
«2025–2026 yillar isitish mavsumiga tayyorgarlik doirasida belgilangan jadvalga muvofiq, 2025 yil 10 iyul kuni soat 10:40 da TC-10 qozonxonasi hududida, M 0-16 va M 0-17 issiqlik kamerasi oralig‘ida, Olmazor tumanidagi Farobiy va Shifokorlar ko‘chalari kesishmasida joylashgan issiqlik tarmog‘i uchastkasida 16 ati bosimdagi (atmosfera) mexanik mustahkamlik sinovlari o‘tkazildi. Sinovlar davomida 12,6 ati bosimda diametri 800 mm bo‘lgan trubada suv chiqishi kuzatildi. Ushbu issiqlik tarmog‘i uchastkasi 1989 yilda ekspluatatsiyaga topshirilgan», — deyiladi xabarda.
Xabarda ta’kidlanishicha, yaqin atrofdagi do‘konlarga moddiy zarar yetgan — umumiy maydoni 8 m² bo‘lgan oyna vitrinalari singan. Yetkazilgan zarar qoplanadi. Avariya yuz bergan uchastka tezkorlik bilan lokallashtirildi hamda iste’molchilarni issiq suv bilan ta’minlash to‘xtatilmadi.
Iroda Jo‘rayeva,
O‘zA