Toshkentda ipakchilik sohasida o‘zbek-yapon biznes forumi o‘tkaziladi
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasida «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi mas’ul xodimlari va Yaponiyaning "Cooperative of Japan silk & silk thread development" kompaniyasidan kelgan Masashi Kobayashi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda pillani chuqur qayta ishlash masalalari, ipak mahsulotlarini Yaponiyaga eksport hajmini oshirish hamda joriy yilning 5 dekabrida Toshkent shahrida ipakchilik sohasida o‘zbek-yapon biznes forumini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston ipakchilik sohasida boy tajriba va yuksak salohiyatga ega mamlakat ekanligi ta’kidlanib, sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va uning istiqbollari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuv yakunida kompaniya bilan hamkorlikda Yaponiyada ipakchilik va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan korxonalarni yurtimizga tanishtiruv tashriflarini amalga oshirishga kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA