Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Navbatdagi tezkor tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahri hududida inson a’zolari va to‘qimalarining noqonuniy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Tergovga qadar tekshiruvlar davomida aniqlanishicha, 1989-yilda tug‘ilgan, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi ikkinchi qismi bilan sudlangan fuqaro turmush o‘rtog‘i bilan jinoiy til biriktirib, internet tarmoqlarida insonlarda rahm-shafqat uyg‘otuvchi videolarni tarqatish orqali noqonuniy faoliyat yuritib kelgan.
Tezkor tadbirlar natijasida uning ijtimoiy tarmoqlar orqali inson a’zolari va to‘qimalarini noqonuniy ravishda sotish bilan muntazam shug‘ullangani, mijozlarni operatsiya uchun Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahridagi Istiqlol klinikasiga olib borgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, gumonlanuvchi o‘zida ham buyrak ko‘chirish operatsiyasini amalga oshirgani va bu jarayonda unga yordam bergan shaxslar aniqlangan. Ular orasida Telegram, Instagram va YouTube ijtimoiy tarmoqlarida faoliyat yurituvchi kanallar ma’murlari ham bo‘lgani qayd etilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 133-prim 1-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Hamroz Bayanov, O‘zA