Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda “InnoWeek-2025” – innovatsion g‘oyalar xalqaro haftaligi boshlandi
12:34 / 2025-10-09

Bugun Toshkentda VIII Innovatsion g‘oyalar xalqaro haftaligi – “InnoWeek-2025” o‘z ishini boshladi. Tadbir Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan “Chegarasiz g‘oyalar” shiori ostida tashkil etilgan bo‘lib, unda innovatsiyalar sohasidagi mahalliy va xalqaro yangiliklar, ixtirolar, startaplar, ishlanma va loyihalar taqdim etiladi.

Haftalik doirasida yirik mahalliy va xalqaro kompaniyalar, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, venchur fondlar, moliya tashkilotlari, xalqaro ma’lumotlar bazalari vakillari ishtirok etmoqda. Jumladan, Xitoy, Malayziya, Singapur, Yaponiya, Koreya, Vengriya, Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Hindiston, Eron, Kuvayt, Belarus, Armaniston, Gruziya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Togo (Afrika) kabi dunyoning 30 ga yaqin davlatlaridan jami 130 nafardan ortiq vakil qatnashmoqda.  

[gallery-25672]

Haftalik doirasida innovatsion ishlanmalarni namoyish etish bilan birga ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish, xalqaro miqyosda bilim va tajriba almashish, hamda strategik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ko‘plab platformalar tashkil etiladi. Shu bilan birga, ilm-fan va texnologiyalar sohasida yetakchi ekspertlar, startapchilar va yosh innovatorlar o‘z bilim va tajribalarini bo‘lishadi.  

Tadbirning asosiy voqealaridan biri mahalliy va xorijiy startap loyihalarini taqdim etish, innovatsion mahsulotlarni bozorga chiqarish, hamda yangi texnologiyalar va g‘oyalarni keng jamoatchilikka tanitishdir. Shuningdek, haftalik davomida xalqaro forumlar, konferensiyalar, seminarlar, panel sessiyalar va ko‘plab ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.  

Bugungi kunda “InnoWeek-2025” nafaqat innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasi, balki kelajak texnologiyalarini shakllantirishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, startaplarni qo‘llab-quvvatlashga va ilm-fan sohasidagi yoshlarni rag‘batlantirishga xizmat qiluvchi muloqot va bilim almashinuvi platformasiga aylanmoqda.  

Tadbir doirasida “InnowomenWeek-2025”  ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion haftaligi ilk marta tashkil etiladi. Bu tashabbus innovatsiyalar sohasida ayollarning rolini kuchaytirish va ularning g‘oya va loyihalarini keng jamoatchilikka taqdim etishga qaratilgan.  

Haftalik 11 oktyabrga qadar davom etadi va shu davr mobaynida innovatsion ishlanmalar, startap loyihalar, ilmiy-amaliy tadbirlar va xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi. “InnoWeek-2025” butun innovatsion ekotizim uchun nodir imkoniyat yaratadi va mamlakatimizni global ilm-fan va texnologiyalar maydonida yanada tanitishga xizmat qiladi.  

Nasiba Ziyodullayeva,  

Oybek Pardayev (surat), O‘zA