Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda ilk bor “SHARE Uzbekistan 2025” xalqaro arxitektura va shaharsozlik forumi o‘tkaziladi
19:04 / 2025-09-19

“SHARE Architects” xalqaro tashkiloti axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yil 22-23 sentyabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan ushbu forumda 15 mamlakatdan 30 dan ziyod yetakchi me’morlar ishtirok etadi.

Unda dunyoga mashhur xalqaro studiyalar vakillari - Daniyadan “Bjarke Ingels Group”, Buyuk Britaniyadan “Zaha Hadid Architects”, Fransiyadan “XTU Architects”, Xitoydan “MAD Architects” hamda boshqa nufuzli me’morchilik byurolari qatnashadi. 

Mutaxassislarning qayd etishicha, O‘zbekiston hozirda jadal shaharsozlik o‘zgarishlari bosqichida turibdi. Zamonaviy va barqaror rivojlanishga qaratilgan yirik loyihalar xalqaro me’morlar, muhandislik kompaniyalari va pudratchilar e’tiborini o‘ziga tortmoqda. Mazkur forum mahalliy me’morlar va mutaxassislar uchun ilg‘or tajribalarni o‘rganish, xalqaro hamkorlar bilan muloqot qilish va yangi g‘oyalarni joriy etish imkonini yaratadi. 

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi rasmiy ko‘magida tashkil etilayotgan mazkur ikki kunlik forum dasturidan ma’ruzalar, moslashuvchan me’morchilik va fasad yangiliklariga bag‘ishlangan sessiyalar o‘rin olgan.

– O‘zbekiston  madaniyatlar va tarixlar chorrahasi hisoblanadi. Shu sababli, “SHARE Uzbekistan 2025” forumini o‘tkazish biz uchun ulkan voqeadir. Dunyoga mashhur me’morlarning ishtiroki va mahalliy o‘ziga xoslik bilan uyg‘unlashuvi yangi loyihalarni vujudga keltiradi. Ushbu nufuzli tadbir yurtingizda o‘tkazilayotgani bizni yanada quvontirmoqda, – dedi “SHARE Architects” xalqaroo tashkiloti asoschisi Florin Mindirijiu. 

Forum yakunida ishtirokchilar uchun Toshkentning me’moriy yodgorliklari bo‘ylab ekskursiya tashkil etiladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA