Xabaringiz bor, joriy yil boshidan beri qayd etilgan biroz pasayishdan so‘ng fevral oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida faollik yana o‘sishni boshladi. Belgilangan pasayish to‘liq tiklandi. Toshkentda ijara narxlarining pasayishi sekinlashdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorining fevral oyi yakunlari bo‘yicha sharhini e’lon qildi. Unda qayd etilishicha, fevral oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori faollikning o‘sishi bilan ajralib turdi, uning asosiy omili iqtisodiy faoliyatning kengayishi bo‘ldi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda ko‘chmas mulkni sotib olish va sotish bo‘yicha 22,2 mingta shartnoma tuzildi. O‘tgan oyga nisbatan bu ko‘rsatkich 2 foizga oshdi. Yil boshida bir qator hududlarda qayd etilgan faollikning pasayishi fevral oyida to‘liq tiklandi. Yuqori o‘sish sur’atlari Toshkentda 14 foiz, Andijonda 16 foiz va Farg‘onada 13 foiz qayd etildi.
Uy-joy ijarasi bozorida narxlarning pasayishi kuzatildi. Yanvar oyida ijara bozori 2,2 foizga pasaygan bo‘lsa, fevral oyida esa 1,1 foizga pasayib, 1 kv.m. uchun 8,9 dollarni tashkil etdi. Yillik hisobda ijara haqining eng ko‘p pasayishi Olmazor, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida 13 foizdan 18 foizgacha qayd etildi.
E’tiborlisi, Bektemir va Shayxontohur tumanlarida oylik ijara haqi oshdi. Bu yerda uy-joyni ijaraga olish mos ravishda 3,5 foiz va 2,5 foizga qimmatlashdi. Ijara haqining eng katta pasayishi Yashnobod tumanida 6,3 foiz va Chilonzor tumanida 5,7 foizga qayd etildi.
Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Bu tumanlarda uy-joyni ijaraga olish o‘rtacha kv.m. uchun 11 dollarga tushadi. Nisbatan arzon uy-joy ijarasi Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda va kv.m. uchun 6 dollardan 8 dollargacha o‘zgarib turadi.
Shuni ham aytish joiz, fevral oyida ikkilamchi uy-joy bozori 0,8 foizga o‘sdi. Yillik hisobda ikkilamchi narxlar 14,1 foizga oshdi.
Eng sezilarli o‘sish Toshkent – 26 foiz, Buxoro – 24,1 foiz va Andijon – 24 foiz viloyatlarida qayd etildi. Toshkentda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi bir oy davomida 1,6 foizga oshib, 1140 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning uchta tumani Mirobod, Yashnobod, Yakkasaroyda narxlar 2 foizdan 6 foizga oshgani qayd etildi. Shu bilan birga, Bektemir va Uchtepa tumanlarida ikkilamchi uy-joylar mos ravishda 1,1 foiz va 0,4 foizga arzonlashdi.
Umuman, Toshkentda ikkilamchi uy-joy bozori yil davomida 17,3 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, o‘sish sur’atlarining 2,7 foiz punktiga pasayishi kuzatildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA