Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan sport tadbirlari doirasida nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida qator muhim uchrashuv va tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Xususan, Butunjahon suzish federatsiyasi (World Aquatics) Ijroiya qo‘mitasining Byuro yig‘ilishi hamda Osiyo paralimpiya qo‘mitasi prezidenti bilan rasmiy uchrashuv tashkil etildi.

Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan “World Aquatics” Ijroiya qo‘mitasi Byuro yig‘ilishida federatsiya prezidenti Husayn al-Musallam boshchiligidagi xalqaro tashkilot rahbariyati, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari, “World Aquatics” Ijroiya qo‘mitasi Byurosi a’zosi Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etdi.
Tadbir yakunida 2026 yil uchun belgilangan reja va maqsadlar, ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Osiyo paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Milliy paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati ishtirok etdi.
Tomonlar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni, jumladan Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, yoshlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalarini muhokama qildi.

Majid Rashid O‘zbekiston delegatsiyasini “Dubay–2025” yoshlar Paraosiyo o‘yinlaridagi muvaffaqiyatli ishtiroki bilan tabriklab, yurtimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA