Mamlakatimizda so‘nggi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda sportchilarimizning xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etishini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, yoshlarni sportga qiziqtirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2-sonli Toshkent akademik litseyi o‘quvchi-yoshlari muntazam sport tadbirlariga jalb etilmoqda.

Xususan, Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi, Ichki ishlar vazirligining 2-sonli Toshkent akademik litseyi hamda “Olimp-Lider” maxsus harbiy sport klubi o‘quvchilari o‘rtasida harbiy-sport musobaqalari hamda “Jangovar tayyorgarlik bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar” bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.

Musobaqaning estafeta musobaqasi bo‘yicha tashkil etgan bellashuvlarda Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi o‘quvchilaridan iborat jamoa g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, IIVning 2-sonli Toshkent akademik litseyi va “Olimp-Lider” maxsus harbiy sport klubi o‘quvchilari kuchli uchlikdan joy oldi. Ko‘rgazmali qo‘l jangi namoyishida esa “Olimp-Lider” maxsus harbiy sport klubi o‘quvchilarining chiqishlari yuqori baholandi.
Mazkur bahslarda shohsupaga ko‘tarilgan jamoalar va eng faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va kuboklar bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA