Bugun Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi 1-son Respublika jamoat salomatligi texnikumida Germaniya tibbiyot akademiyasi loyihasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Mazkur tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Sogʻliqni saqlash, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirliklari, shuningdek GFR “Axen” universiteti klinikasi hamda Shveysariyaning “Globogate Concept AG” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Akademiya Germaniya – Oʻzbekiston hamkorligining muhim bosqichi boʻlib, yuqori malakadagi oʻrta tibbiyot mutaxassislarini Germaniya standartlari asosida tayyorlash, ularning kasbiy rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash va hamyurtlarimiz uchun chet mamalakatlarning nufuzli klinikalarida tajriba almashish, yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilgan.

Bitiruvchilar har ikki davlatda tan olinadigan diplom olib, Germaniyada to‘liq tan olingan hamshira sifatida ish boshlashi mumkin. Shu bilan birga, GFRda ishlayotgan hamshiralar oila a’zolarini ham o‘zi bilan olib ketish huquqiga ega bo‘ladi.

– Mazkur loyiha asosida Andijon, Qarshi va Namangan shaharlarida ham qo‘shma o‘quv kurslari tashkil qilingan, – dedi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev. – 2023-2025 yillar davomida hamshiralarimizdan 1200 nafari “Globogate Concept AG” ko‘magida o‘quv kursini tamomladi, 600 kishi ayni payt ta’lim olmoqda. 450 o‘g‘il-qiz allaqachon Germaniya klinikalarida ish boshlagan. 160 da’vogar uchun viza rasmiylashtirilyapti. Yil yakuniga qadar yana 350 hamshiramiz Germaniyada faoliyat boshlashi rejalashtirilgan. Bu amaliyot bizga tibbiyot ta’limi sohasida ikki mamlakat o‘rtasidagi tafovutni o‘rganish imkonini yaratdi. Joriy yil akademiyaga 750 tinglovchi qabul qilinadi. Kelasi yil bu miqdorni 1500 ga yetkazish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi Abu Ali ibn Sino nomli texnikumlarda nemis tibbiy ta’limi dasturlari bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda. O‘quvchilar birinchi bosqichdanoq nemis tilini chuqur o‘rgana boshlaydi, ikkinchi yil esa fanni “Axen” universiteti dasturi asosida o‘zlashtiradi.

Mehmonlar Yashnobod tumanidagi Xalqaro til va ko‘nikma maktabi ochilish marosimida ham ishtirok etdi. Ushbu maskan xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni xalqaro talab darajasida tayyorlash maqsadida faoliyat yuritadi.
320 o‘quvchiga mo‘ljallangan o‘quv binosi, 350 o‘rinli yotoqxona, zamonaviy laboratoriyalarga ega mazkur muassasada amaliy mashg‘ulot uchun ham zarur sharoit muhayyo qilingan. Noyabr oyidan boshlab Germaniyada hamshiralik faoliyatiga tayyorlov dasturi hamda Yaponiyada xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘quv kursi yo‘lga qo‘yiladi.
Dilshod Hakimov, O‘zA