Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida bir fuqaroning uyi buzib tashlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Toshkent shahar sudi matbuot xizmati ushbu holat bo‘yicha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, da’vogar Olmazor tumani hokimiyati 2022 yil 6 yanvarda javobgarlar Sh.A. va M.A. ga nisbatan majburiy ko‘chirish haqidagi da’vo arizasi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudga murojaat qilgan.
Javobgarlarni oila a’zolari bilan Toshkent shahar Olmazor tumani Yog‘du ko‘chasida yangi qurilgan 6-uydagi 2 ta xonadonga majburiy ko‘chirish haqida qaror qabul qilish so‘ralgan.
Javobgarlar oila a’zolari bilan Toshkent shahri Olmazor tumani Qorasaroy ko‘chasi 69-uyda doimiy ro‘yxatda turadi va istiqomat qiladi.
Mazkur uy-joy Toshkent shahar hokimining 2017 yil 30 iyundagi 832-sonli va 2019 yil 27 maydagi 764-sonli qaroriga asosan buzilishga tushgan.
Olmazor tumani hokimiyati vakillari tomonidan 2021 yil 10 dekabr kuni joyiga chiqib, ushbu uyda yashovchi fuqaro M.A. bilan suhbat o‘tkazilgan. Unga uy-joyi buzilishi evaziga Toshkent shahar hududidan 4 xonali uy-joy olib berish taklifi berilgan.
Biroq, fuqaro ushbu taklifni rad yetib, Qorasaroy ko‘chasi 69-uyda doimiy ro‘yxatda turuvchilarga ham uy-joy ajratish masalasini ko‘rib chiqishni so‘ragan.
Ikkinchi marotaba 2021 yil 13 dekabr kuni fuqaro M.A. bilan yana suhbat o‘tkazilgan. Fuqaro uy-joy buzilishi evaziga 400 ming AQSH dollari miqdorida pul mablag‘i berilishini talab qilgan.
Uchinchi marotaba 2021 yil 14 dekabrda ushbu uyda yashovchi M.A. bilan suhbat o‘tkazilgan. Uning uy-joyi buzilishi evaziga Olmazor tumani Yog‘du ko‘chasida yangi qurilgan 6-uyga olib borilib, 2 ta xonadon ko‘rsatilgan.
Ammo fuqaro ko‘rsatilgan xonadonlarni olishni rad etgan va buzilayotgan uy-joyi o‘rniga Shayxontohur tumani hududida “Golden house” tomonidan “Jangoh” mavzesida qurilgan yangi uylardan olib berishni yoki 400 ming AQSH dollari miqdorida pul mablag‘i berilishini talab qilgan.
Bu haqda tegishli tartibda rasmiylashtirilgan dalolatnomalar mavjud.
Buzilayotgan uy-joy “Rrofessional expertise” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2021 yil 27 iyulda baholash ishlari olib borilgan. Baholash natijasida nizoli uy-joy bozor qiymatiga ko‘ra 763 million 753 ming so‘mga baholangan.
Fuqaroga taklif etilgan Olmazor tumani Yog‘du ko‘chasida yangi qurilgan 6-uydagi 2 ta xonadon tuman hokimligi va sotuvchi o‘rtasida ikki tomonlama kelishuv bitimiga asosan 1 milliard 182 million 384 ming so‘mga baholanib, tuman hokimligi balansiga olingan.
Toshkent shahri Olmazor tumani Qorasaroy ko‘chasi 69-uyda yashovchi fuqarolarga buzilishga tushgan uyining bahosiga nisbatan ortiq bo‘lgan Olmazor tumani Yog‘du ko‘chasida yangi qurilgan 6-uydan 2 ta xonadon ajratish taklif etilgan bo‘lsada, ular ushbu xonadonlarni olishni rad etgan.
Shu sababli Olmazor tuman hokimiyati Sh.A. va M.A.ni oila a’zolari bilan Toshkent shahar Olmazor tumani Yog‘du ko‘chasida yangi qurilgan 6-uydagi 2 ta xonadonga majburiy ko‘chirish haqida qaror qabul qilishni so‘ragan.
Mazkur da’vo ariza bo‘yicha fuqarolik ishi 2022 yil 6 yanvar kuni sudning ish yurituviga kelib tushgan.
Fuqarolik ishi bo‘yicha sud majlisi 2022 yil 17 fevral kuniga tayinlangan va taraflarga belgilangan tartibda chaqiruv qog‘ozi yuborilgan.
2022 yil 17 fevral kuni javobgarlar kelmaganligi sababli fuqarolik ishi javobgarlarning ishtirokisiz sirtdan ko‘rilib, da’vogar Olmazor tumani hokimiyatining da’vo arizasini qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori chiqarilgan.
Hal qiluv qarori 2022 yil 24 fevral kuni javobgarlarga yuborilgan.
Hal qiluv qarori ijro qilish uchun 2022 yil 17 mart kuni Olmazor tumani majburiy ijro byurosiga yuborilgan.
2022 yil 24 mart kuni javobgarlar tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 2022 yil 17 fevraldagi sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risida sudga ariza kelib tushgan.
Mazkur arizani sudda ko‘riladigan vaqt bo‘yicha taraflarga xabar berilgan.
O‘zA