Joriy yilning 8–12 dekabr kunlari Toshkent Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Bosh assambleyasi va yil yakunlariga bag‘ishlangan taqdirlash tadbirlariga mezbonlik qiladi.
Mazkur nufuzli tadbirlarda ishtirok etish uchun yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Xalqaro avtomobil federatsiyasi prezidenti Muhammad bin Sulayem O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov va Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov bilan o‘tkazgan uchrashuvida mamlakatimizda avtosportni rivojlantirish va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Muloqot jarayonida avtosport yo‘nalishlarini rivojlantirish, do‘stona aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuvda sport tashkilotlari, texnologik platformalar va davlat institutlarining avtosportni rivojlantirishda raqamli platformalar orqali sportchilarga nisbatan yolg‘on ma’lumotlar tarqatilishi va turli salbiy harakatlarning oldini olish, ijobiy sport muhitini rivojlantirish nazarda tutilgan.

Poytaxtimizda bunyod etilgan "Olimpiya shaharchasi" faoliyati bilan tanishuv asnosida xorijlik mehmonlar FIA Girls on Track dasturida ishtirok etayotgan yoshlar bilan uchrashdi.
Aytish lozim, poytaxtimizda dunyoning turli davlatlaridan delegatlar ishtirok etadigan Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Bosh assambleyasi davomida avtosportning yo‘nalishlari, yo‘l harakati xavfsizligi va mintaqaviy boshqaruv yo‘nalishlariga oid qator yig‘ilishlar, forumlar va uchrashuvlar tashkil etilishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu tadbirlar asnosida avtosport bo‘yicha 2025 yilning eng munosiblari, g‘oliblari, sovrindorlarini taqdirlash tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA