Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) ijroiya qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, joriy yil dekabr oyida poytaxtimizda FIA Bosh assambleyasi yig‘ilishi hamda nufuzli FIA Awards taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
Markaziy Osiyo tarixida ilk bor tashkil etilayotgan mazkur nufuzli tadbir oldidan O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi hamda mamlakat avtosport va karting milliy federatsiyasi mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov ishtirok etgan yig‘ilish davomida mazkur yirik tadbirga tayyorgarlik jarayonlari ko‘rib chiqildi.
Bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar asosida har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.

Tadbirni yuqori saviyada tashkil etish, xorijiy delegatsiyalarni kutib olish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish, xavfsizlik va mehmonlar qulayligini ta’minlash, shuningdek, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni takomillashtirish borasida aniq vazifalar belgilandi.
Shuningdek, logistika masalalari, volontyorlar faoliyati, ishtirokchilarni axborot bilan ta’minlash ishlari hamda ular uchun madaniy dastur masalalari xususida so‘z bordi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Bosh assambleyasi yig‘ilishida beshta qit’aning 150 ga yaqin mamlakatida faoliyat yuritayotgan milliy avtomobil sporti federatsiyalarining mutasaddilari va FIA ijroiya qo‘mitasi a’zolari ishtirok etishi kutilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA