Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda energetika va qurilish sohalari ko‘rgazmasi (+video)
17:05 / 2025-10-21

Shu yilning 21-23 oktyabr kunlari “O‘zekspomarkaz”da mintaqaning eng yirik ikki xalqaro ko‘rgazmasi “UzEnergyExpo” va “UzStroyExpo” qo‘shma ekspozitsiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tadbir soha mutaxassislari, tadbirkorlar, yirik kompaniya vakillarini bir maydonda jamladi.

Unda Belarus, Italiya, Indoneziya, Eron, Xitoy, Koreya Respublikasi, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya va Ukraina kabi 12 ta davlatdan 200 ga yaqin kompaniya ishtirok etmoqda.  

Aytish kerakki keyingi yillarda yurtimiz energetika va qurilish tarmog‘ida  katta o‘zgarishlar kuzatildi va bu omil ko‘rgazma stendlarida ham namoyon bo‘ldi. Zero, “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi  Prezident farmonida umumiy quvvati 4.5 GVt bo‘lgan yirik quyosh va shamol elektr stansiyasini ishga tushirish, quvvati 785 megavatt quyosh panellarini o‘rnatish, 225 megavattlik gidroelektr stansiyalarini barpo etish belgilangan. Shu bois ko‘rgazma pavilonlarining asosiy qismini qayta tiklanuvchi energiya manbaalarini ishlab chiqaradigan qurilmalar, batareykalar, akkumulyatorlar va boshqa zarur uskunalar egalladi.  

Ko‘rgazma ishtirokchilarining 40% dan ortig‘i “yashil energetika” yo‘nalishida faoliyat yurituvchi kompaniyalar bo‘lib, ular qayta tiklanuvchi energiya uskunalarini ishlab chiqarish va yetkazib berish, quyosh va shamol texnologiyalari, energiyani saqlash yechimlari, energiya samaradorligi, yoritish uskunalari, avtomatlashtirish, transformatorlar hamda kabelli mahsulotlar bilan qatnashdilar.

Mazkur namoyishlar respublikamiz energiya tizimining transformatsiyasiga xizmat qiladigan yangi loyihalar, ilmiy-texnik ishlanmalar,  yetakchi xalqaro va mahalliy kompaniyalarning mahsulotlari taqdimoti uchun keng maydon bo‘ldi.

Qurilish sohasidagi ko‘rgazmaga ham qiziqish yuqori. Energetika  bilan parallel ravishda, qurilish va arxitektura yo‘nalishlari mamlakatimizda keng taraqqiy etmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan  “Uy-joylar qurilishini va qurilish materiallari sanoatini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi qurilish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi huquqiy hujjatlar muhim asos bo‘ldi. Ana shu jihatlar ko‘rgazmada namoyish qilinayotgan mahsulotlar, xizmatlar va innovatsiyalarda aks etdi.

Unda qurilish va pardozlash materiallari, texnika, uskuna hamda qurilish materiallari sanoati uchun mo‘ljallangan texnologiyalar keng ko‘lamda namoyish etildi. Shuningdek, muhandislik kommunikatsiyalari va issiqlik ta’minoti tizimlari sohasidagi innovatsion yechimlar taqdim qilindi.

Birlashgan ekspozitsiya ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilarga sohadagi bugungi trendlarni kompleks baholash, yangi ishlanmalar bilan tanishish hamda barqaror rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari va davlat dasturlari doirasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun keng imkon yaratildi. 

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HaXUotj-0nU" title="Toshkentda energetika va qurilish sohalari ko‘rgazmasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA