Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda dunyoning nomdor og‘ir atletikachilari jamlanadi
15:34 / 2021-11-25

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi oldidagi qarzi tufayli Misr davlatining sportchilari joriy yil 7-17 dekabr kunlari Toshkentda o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok eta olmasligi mumkin.

Insidethegames saytining ma’lum qilishicha, Misr og‘ir atletika bo‘yicha 2019 yilgi jahon chempionatini o‘tkaza olmaganligi oqibatida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) tomonidan 160 ming dollar jarimaga tortilgan. O‘tgan davr mobaynida ushbu mablag‘ IWFga to‘lab berilmaganligi uchun Misr sportchilari jahon chempionatiga qo‘yilmaydi, deyiladi axborotda.  

 Kuni kecha Misr milliy olimpiya qo‘mitasi ushbu qarzdorlikni joriy yilning 3 dekabrigacha Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasiga o‘tkazib berish bo‘yicha hisobot taqdim etgan. Agar ushbu muddatda majburiyat bajarilsa, Toshkentda misrlik og‘ir atletikachilar ko‘rinish berishi ehtimoldan yiroq emas.  

 Misrlik mashhur og‘ir atletikachi Muhammad Exab jurnalistlarga bergan intervyusida O‘zbekistonda o‘tadigan jahon chempionatiga qizg‘in hozirlik ko‘rganini ta’kidlab, o‘zbekistonlik Akbar Jo‘rayev, Ruslan Nuriddinov, bolgariyalik Karlos Nasar, xitoylik Li Dayin, AQSHlik Jey Kammings, kolumbiyalik Brayan Rodallegas kabi dunyoning nomdor sportchilari qatorida Toshkent sport maydonlarida bo‘lishni juda-juda istayotganligini aytgan. Shu bilan birga, agar misrlik sportchilar uchun jahon chempionati eshiklari yopiq qoladigan bo‘lsa, u katta sport bilan xayrlashishini e’lon qilgan.  

 2021 yilning eng nufuzli musobaqalaridan biri bo‘lgan ushbu jahon chempionati tobora yaqinlashgani sayin uning atrofidagi gap-so‘zlar ham avj pardaga ko‘tarilmoqda. Bugungacha bir qator davlatlar mamlakatimiz poytaxtida o‘tadigan jahon chempionatida qatnashadigan terma jamoa tarkiblarini e’lon qildi. Jumladan, Rossiya, Turkiya, Ukraina, AQSH, Kolumbiya, Qozog‘iston kabi o‘nlab davlatlar dunyo birinchiligida kuchli va umidli sportchilar jamoasi bilan ishtirok etishga tayyorlanayotganligini va medallarga da’vogarligini alohida ta’kidlashgan.  

 Eslatib o‘tamiz, poytaxtimizda 7-17 dekabr kunlari o‘tadigan 86-jahon chempionatida qatnashadigan Janubiy Koreya, Fillipin va Xitoy terma jamoalari 3 dekabr kuni Toshkentga yetib keladi.  

 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA