Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda doridan zaharlanish bilan bog‘liq 7 mingdan ortiq holat kuzatilgan
22:22 / 2025-12-23

Sog‘liqni saqlash vaziri eshituvida deputatlar sohada erishilayotgan yutuqlar bilan birga, ayrim kamchiliklar kuzatilayotganini qayd etib, bir qator savollarni o‘rtaga tashladi. Jumladan, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan elektron retsept tizimi bo‘yicha ham savollar ko‘tarildi.

Vazir elektron retsept tizimini joriy etishning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan quyidagilarni ta’kidladi:

— 2025 yilda Toshkent shahrida 741 ta holatda dori vositalarini maqsadsiz, vrachning tavsiyasisiz qabul qilish oqibatida tez tibbiy yordamga 24 mingdan ortiq murojaat bo‘lgan. Shundan 418 ta holatda anafilaktik shok, 7 ming 17 ta holatda doridan zaharlanish kuzatilgan. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga qilingan 2,5 mingta murojaatning 1,5 mingtasi o‘z joniga suiqasd qilish holati bilan bog‘liq. Ya’ni, tartibsizlik oqibatida ana shunday holatlar bo‘lyapti.  

Elektron retsept tizimining ahamiyati shundaki, shifoxonalarda retseptli dori yozilgani, kim yozgani, qanchaga sotilgani umumiy bazada ko‘rinib turadi. Byudjetdan ajratilgan tekin dori vositalarini ham bemorlarga yozib berish holatlari bartaraf etiladi. Dorilar reklamasi kamayadi.

Agar dorixona yoki shifoxonaga borgan vaqtda elektr ta’minotida uzilish bo‘lsa, antibiotik va gormonal dori vositalaridan boshqa dorilarni shifokor yozib bergan qog‘oz orqali olish mumkin. Lekin shunda ham elektr ta’minoti tiklanganidan so‘ng uni elektron tizimga kiritib qo‘yish kerak, — dedi A.Xudoyorov.

Shuningdek, vazir xususiy tibbiyot muassasalari DMED tizimini o‘zlarining axborot tizimi bilan integratsiya qilishi kerakligini aytib o‘tdi.

Xususiy tibbiyot muassasalarining moliyaviy faoliyatiga aralashilmasligi, faqatgina vazirlikning bitta talabi DMED tizimiga ulanishi lozimligi, shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalariga DMED tizimini integratsiya qilib berish uchun hech qanday to‘lov talab qilinmasligi, ortiqcha byurokratik to‘siqlar bo‘lmasligini ta’kidladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA