Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazi (CCA)da o‘zbek olimi va matematigi Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning fundamental asarlarini o‘rganish bo‘yicha “Dixit Algorazmiy” («Al-Xorazmiy aytganidek») ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada olim izlanishlarining bugungi texnologik rivojlanishga, zamonaviy madaniyatga va G‘arb innovatsiyalariga bo‘lgan ta’siri ko‘rsatiladi. Ko‘rgazma Jozef Grima’n (Space Caviar studiyasi) boshchiligida hamda Sheyda Gomashi va Kamilo Oliveyra’larning hamkuratorligida o‘tkazilmoqda.
Ko‘rgazma Al-Xorazmiyning milodiy 820 yilda yozilgan «Kitob al-jabr va-al-muqobala» kitobida keltirilgan ma’lumotlarga bag‘ishlangan. Asar lotinchaga «Algoritm» - deb tarjima qilingan. Unga ko‘ra, hozirgi zamon texnologiya yutuqlari ildizi aslida qadimgi madaniyat va tarixga borib taqaladi. «Al-Xorazmiy aytganidek» ko‘rgazmasi qadim o‘tmishdagi matematik va algebra asoschisi Muhammad Ibn Muso Al-Xorazmiy asarlarida keltirilgan zamonaviy algoritmlarni kuzatib boradi.
Ko‘rgazma kuratori Jozef Grima «Algoritm zamonaviy madaniyatdagi mumkin bo‘lgan barcha o‘zaro ta’sirlarni bizning smartfonlarimizdagi ilovalar orqali shakllantiradi. Biz bu so‘zni bilamiz, lekin uni tushunmaymiz. Multisensor va tasviriy ko‘rgazma yordamida biz uning kelib chiqishini va algoritmning antik davrdan to zamonaviy davrgacha jamiyat va madaniyatga qanday ta’sir ko‘rsatishini kuzatamiz» deydi ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlarga.
«Al-Xorazmiy aytganidek" ko‘rgazmasi bizga kundalik hayotimiz bilan chambarchas bog‘liq texnologiyalarning kelib chiqishi haqida qayta fikrlash imkonini beradi. Olim va uning asarlari madaniy va ilmiy simbiozni aks ettiruvchi markaziy mavzuga aylanadi va ijodkorlar zamonaviy texnologiyalarning tarixiy shakllarini vizual ko‘rinishga o‘tkazadi. Xalqaro va o‘zbek ijodkorlarining serqirra hamkorligi natijasida ko‘rgazma ming yillik tarixning bugun biz ko‘rib turgan dunyo bilan bog‘liqligini ochib berdi»- deydi Madaniy meros agentligi matbuot xizmati rahbari Mohinur Imomova.
Shuningdek, fanlararo ko‘rgazma musiqachilar, kino ijodkorlari, me’morlar, dizaynerlar, nazariyotchilar, shuningdek, vizual, konseptual va to‘qimachilik san’ati ijodkorlarining ishlarini o‘z ichiga olgan.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA