Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda bir qator xalqaro stol tennisi musobaqalari o‘tkaziladi
10:20 / 2026-02-24

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bir qator sport turlari kabi stol tennisi ham jadal ommalashmoqda. Ayniqsa, O‘zbekistonda mazkur sport turi bo‘yicha o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalar soni yil sayin ko‘paymoqda.

Poytaxtimiz joriy yilgi mavsumda ham stol tennisi bo‘yicha bir qator nufuzli turnirlarga mezbonlik qiladi. Ushbu musobaqalar mamlakatimizning jahon sport hamjamiyatidagi nufuzini yanada mustahkamlash, milliy terma jamoa a’zolari uchun qimmatli reyting ochkolarini qo‘lga kiritish hamda yosh iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi.

Jumladan, 13-16-may kunlari “Youth Contender Tashkent – 2026” musobaqasi tashkil etiladi. Ushbu musobaqa “WTT Youth Series” doirasida o‘tkaziladi va unda U11, U13, U15, U17 va U19 yosh toifalaridagi sportchilar ishtirok etadi. Musobaqa yosh stol tennischilarga xalqaro maydonda o‘z salohiyatini namoyon etish, shuningdek, jahon reytingi uchun muhim ochkolarni jamg‘arish imkonini beradi. Mazkur turnirning ikkinchi bosqichi 19-22-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.

24-28-iyul “WTT Feeder – 2026” musobaqasi doirasida erkaklar va ayollar o‘rtasida yakkalik hamda juftlik bahslari tashkil etiladi. Turnir jahon reytingi uchun muhim ochkolarni taqdim etadi. Darvoqe, turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi taxminan 30 ming AQSH dollarini tashkil etadi.

Toshkentda o‘tadigan stol tennisi bo‘yicha mavsumning so‘nggi musobaqasi 19-25 oktbyar kunlari tashkil etiladigan “Asian Championships – 2026” bo‘lib, chempionat Xalqaro stol tennisi federatsiyasi (ITTF) va Osiyo stol tennisi ittifoqi (ATTU) bilan hamkorlikda o‘tkaziladi.  

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Osiyo chempionati qit’a miqyosidagi eng yirik va nufuzli musobaqalardan biri hisoblanadi. Unda Osiyoning eng kuchli milliy terma jamoalari hamda yetakchi sportchilari ishtirok etadi. Dasturdan yakkalik, juftlik, aralash juftlik va jamoaviy bahslar o‘rin olishi kutilmoqda.

Umid qilamizki, ushbu nufuzli birinchiliklarda mamlakatimiz stol tennischilari yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatadi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA