Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda Belarus, Rossiya, Qozog‘iston olimlari jam bo‘ldi
19:53 / 2024-10-25

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida an’anaviy «Innovatsiya 2024» XXVIII xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Konferensiya Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Tarmoqlararo strategik innovatsiyalar va axborotlashtirish markazi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, «O‘zbekO‘quvAvtomatika» markazi, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi hamkorligida tashkil etildi. 

Unda O‘zbekiston, Belarus, Rossiya, Qozog‘istondan olimlar hamda sanoat sohasi vakillari, tadqiqotchilar va iste’dodli talabalar ishtirok etmoqda. 

- Biz bugun yangi, import o‘rnini bosuvchi texnologiyamiz taqdimotini o‘tkazdik. Biz no‘xat, na’matak va limonning max,alliy navlaridan olingan o‘simlik oqsillari asosida sportchilar iste’mol qiladigan ozuqani ishlab chiqdik. Tayyor retseptlarimiz bor. Endi tajriba-sanoat texnologiyasini ishlab chiqib, korxonalarga bu mahsulotlarni ishlab chiqarish imkonini beruvchi me’yoriy-texnik hujjatlarni tayyorlash kerak, - deydi «Biotexnologiyalar, sifat va oziq-ovqat xavfsizligi» laboratoriyasi mudiri, Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fanlari ta’lim va fan akademiyasi akademigi, biologiya fanlari doktori Masimjan Velyamov.

[gallery-19989]

 Konferensiya doirasida eng muhim ilmiy-amaliy va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 7 ta seksiya ishlamoqda.

- Konferensiyada ko‘plab yangi ishlanmalar taqdim etildi. Har bir ma’ruza muhim mavzuga bag‘ishlangan. Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati vakili uran ishlab chiqarish samaradorligiga ta’sir ko‘rsatuvchi ishlanmani taqdim etdi. Joriy yilda markazimiz tomonidan O‘zbekiston neft va gaz sohasi uchun sanoat xavfsizligini boshqarish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizim ishlab chiqildi. Bu tizim hozirda 25 ta korxonada joriy qilingan. Shuningdek, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan birgalikda uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ustida ish olib borayapmiz, - deydi Tarmoqlararo strategik innovatsiyalar va axborotlashtirish markazi direktori, professor Amanulla Qodirov. – Bu nima uchun kerak, deb so‘rashingiz mumkin. Korxonaning salmoqli daromadi uskunalarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatishga sarflanadi. Masalan, ekskavator taxminan 15 million dollar tursa, uning dvigatelini kapital ta’mirdan chiqarish yangi ekskavator narxining 15 foizini tashkil etadi. Shu bois, bunday tizimlarni yaratish tejamkorlik, uskunalarning uzluksiz ishlashi va insonlar xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan zarurdir. 

 Konferensiya dasturiga 12 ta yalpi va 87 ta seksiya ma’ruzalari kiritilgan. 

-Biz atmosfera havosidan suv olish uchun yoqilg‘ili va yoqilg‘isiz tizimlar ustida ish olib borayapmiz. Atrof-muhitda 12 dan 16 ming kub kilometrgacha suv bor, bu trillionlab tonna deganidir. Ushbu texnologiyaning afzalligi shundaki, havodan suv olinganidan keyin, tabiatning o‘zi o‘z zahiralarini to‘ldiradi, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zInjiniring» Respublika loyiha institutining neft-gaz tarmog‘i bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari G‘ani Ikromov. 

 «Innovatsiya 2024» XXVIII xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi 26 oktyabrga qadar davom etadi.

Roman BONDARCHUK, O‘zA.