Bugun, 16 sentyabr kuni poytaxtimizda badminton bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Markaziy Osiyo chempionati boshlandi.
7 ta mamlakatning 100 nafarga yaqin yosh sportchilari ishtirok etayotgan bahslarda U15, U17 va U23 yosh toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Eron va Mo‘g‘uliston kabi mamlakat sportchilari qatnashayotgan chempionat musobaqalari jamoaviy, yakkalik, juftlik va mikst dasturlarida o‘tadi.
Musobaqalarni kuzatib borish uchun yurtimizga kelgan Xalqaro badminton federatsiyasi Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Jassim Kanso poytaxtimizda bunyod etilgan Olimpiya shaharchasi hududida joylashgan sport inshootlari bilan yaqindan tanishdi.
Tanishuv jarayonida zamonaviy majmuada yaratilgan sharoitlar va amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berib, "Olimpiya shaharchasi" o‘zbek sporti rivoji yo‘lida ulkan poydevor vazifasini o‘tashiga ishonch bildirdi.
Markaziy Osiyo chempionati 22 sentyabrga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA