Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda avtobus bekatlaridagi do‘konlar bosqichma-bosqich olib tashlanadi
13:15 / 2026-03-04

Poytaxtda jamoat transporti bekatlari hududida joylashgan savdo ob’ektlarini bosqichma-bosqich olib tashlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida bekat majmualarida jami 110 ta savdo ob’ekti faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangan. Ularning aksariyati turli xil mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi tijorat do‘konlaridan iborat.

Tekshiruv davomida 110 ta savdo nuqtasidan 61 tasi bekat hududidan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagani ma’lum bo‘lgan. Mazkur holatlar yuzasidan huquqiy baho berilib, qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘rilishi kutilmoqda.

Shahar ma’muriyati qarorlariga muvofiq, kelgusida barcha jamoat transporti bekatlari bosqichma-bosqich yangilanadi. Ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlar uchun esa savdo nuqtalarini boshqa hududlarga ko‘chirish orqali kompensatsiya berish mexanizmi joriy etilishi rejalashtirilgan.

Ushbu choralar jamoat transporti infratuzilmasini tartibga solish, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash va bekatlar atrofidagi tirbandlikni kamaytirishga qaratilgan.

Jahon amaliyotiga ko‘ra, zamonaviy jamoat transporti bekatlari avvalo yo‘lovchilar uchun erkin va xavfsiz kutish sharoitini yaratishi lozim. Bunda platforma kengligi, tirbandlik paytida uni kengaytirish imkoniyati, shuningdek, barcha toifadagi aholi jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksa insonlar va bolali oilalar uchun qulay bo‘lgan inklyuziv muhitni ta’minlash asosiy talablardan biri hisoblanadi.

Bekatlarda noqonuniy yoki tartibga solinmagan savdo nuqtalarining ko‘payishi harakat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, yo‘lovchilar oqimini cheklashi va sanitariya holatiga ta’sir qilishi mumkin. Shu bois, poytaxtda jamoat transporti bekatlarini zamonaviy talablar asosida qayta jihozlash orqali shahar infratuzilmasini yanada takomillashtirish maqsad qilingan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA