Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda atom energetikasi va yadro texnologiyalari bo‘yicha Ilg‘or muhandislik maktabi ochildi
14:35 / 2025-12-27

Toshkent shahridagi “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universitetining filiali huzurida atom energetikasi va yadro texnologiyalari bo‘yicha Ilg‘or muhandislik maktabi ochildi.

“O‘zatom” agentligi hamda “Rosatom” davlat korporatsiyasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu o‘quv dargohi energetika hamda yadro texnologiyalari sohasidagi amaliy vazifalarni hal etishga qodir mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan. Maktabga tanlov asosida saralab olingan mazkur filialning yuqori kurslarida tahsil olayotgan 20 nafar talaba qabul qilindi.

Ilg‘or muhandislik maktabini tashkil etish joriy yilning may oyida imzolangan “O‘zatom”agentligi, “Rosatom” davlat korporatsiyasi hamda filial o‘rtasidagi uch tomonlama kelishuv doirasida amalga oshirildi. Loyiha O‘zbekiston atom sanoati hamda energetikaning unga yondosh tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashning barqaror tizimini shakllantirishga qaratilgan.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev milliy yadro-energetika dasturi uchun kadrlar masalasi ustuvor ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

– Bugun O‘zbekiston atom energetikasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu davlat siyosati markazida, shuningdek, inson kapitalini shakllantirishga ustuvor ahamiyat berayotgan davlat rahbarining shaxsiy e’tibori doirasida turibdi. Zero, aynan inson kapitali milliy yadro-energetika dasturini, umuman energetika va iqtisodiyotning yuqori texnologiyali tarmoqlarini muvaffaqiyatli hamda xavfsiz rivojlantirishning asosiy sharti hisoblanadi. Shu ma’noda Toshkent shahridagi MMFI MTYAU filiali alohida o‘rin tutadi. Ishonch bilan ayta olamizki, ushbu dargoh bitiruvchilarining tayyorgarlik darajasi haqiqatan ham juda yuqori. Bu ularning mehnat bozorida talabgorligi, kasbiy yetukligi hamda ilmiy va loyiha faoliyatidagi faol ishtiroki bilan tasdiqlanmoqda, – dedi A.Ahmedxo‘jayev.

Shuningdek, u ta’kidlaganidek, “O‘zatom”agentligi filial huzurida talabalarning faol ishtiroki bilan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot loyihalarini tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.

MMFI MTYAUning bosh universiteti vakillari Rossiyada Ilg‘or muhandislik maktablarini tashkil etish loyihasida oliygoh metodik operator sifatida ishtirok etayotganini ta’kidladi. Ularning aytishicha, to‘plangan tajriba Toshkent shahridagi MMFI MTYAU filiali faoliyatida keng qo‘llaniladi.

Toshkent shahridagi MMFI MTYAU filialining ijrochi direktori Shavkat Abdukomilov maktab faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi muhandislik ta’limining amaliy yo‘nalishini yanada kuchaytirishini aytib o‘tdi.

– Atom energetikasi va yadro texnologiyalari bo‘yicha Ilg‘or muhandislik maktabining ochilishi alohida ahamiyatga ega. U sohadagi amaliy vazifalar bilan ishlashga qodir mutaxassislarni tayyorlash tizimining muhim tarkibiy qismiga aylanadi. Bunday loyihalar O‘zbekiston va butun mintaqaning kelajak energetikasi uchun kadrlar hamda intellektual poydevorni shakllantiradi, deb ishonaman, – dedi Sh.Abdukomilov.

Marosimda talabalar ilmiy rahbarlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ilk muhandislik ishlanmalarini taqdim etdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi ortib borayotganini inobatga olgan holda, O‘zbekiston energetika tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturiy yechimlar, taqsimlash tarmoqlarining ishonchliligini oshirishga doir loyihalar, shuningdek, sanoat uchun materiallar sohasidagi ishlanmalarga alohida e’tibor qaratish mumkin. Taqdimotdagi qator loyihalarga manfaatdor idoralar hamda ehtimoliy buyurtmachilar tomonidan qiziqish bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, Ilg‘or muhandislik maktabining ochilishi “Zamonaviy fizika, energetika va issiqlik texnikasining dolzarb muammolari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA