Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda "Asal bayrami" boshlandi
16:31 / 2025-12-02

Asalarichilik sohasida erishilgan yutuqlarni namoyish etish, asalarichilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish hamda mahalliy aholiga sifatli asal mahsulotlarini muvofiq narxlarda taqdim etish maqsadida an’anaviy “Asal bayrami” va milliy asalarichilik hamda oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi.

2-11 dekabr kunlari “Anhor-Lokomativ” bog‘i hududida o‘tkazilayotgan mazkur tadbir oltinchi marotaba tashkil etilmoqda. Tadbir “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida o‘tkazilioqda.

Yarmarkada mamlakatimizning barcha viloyatlaridan 400 dan ortiq asalarichilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sub’ektlar, shuningdek sohaning 1500 ga yaqin ilg‘or vakillari ishtirok etmoqda. Yarmarkada asalarichilikka oid ilg‘or texnologiyalar, asbob-uskunalar, veterinariya dori vositalari namoyish etilmoqda.

Tadbirga xorijning bir qator davlatlari: Rossiya, Xitoy, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiyadan nufuzli mehmonlar ham tashrif buyurdi. Shuningdek, xalqaro nufuzga ega Jahon oziq-ovqat tashkiloti (FAO) va Xalqaro IKARDA tashkiloti vakillari, turli ilmiy-tadqiqot institutlari professorlari va mutaxassislar ham ishtirok etmoqda.  

“Asal bayrami” va milliy asalarichilik hamda oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida respublika hududlarida yetishtirilgan asal va asalari, oziq-ovqat mahsulotlari savdo yarmarkasi tashkil qilinib,  aholiga sifatli asal va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beriladi. Asalarichilik sohasi rivojlangan davlatlardan malakali mutaxassislar va olimlarni taklif etgan holda asalarichilik bo‘yicha ilg‘or tajribalar targ‘ib qilinadi.

Asalarichilar o‘rtasida tajriba almashish va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tasdiqlangan dastur asosida o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkaziladi. Shuningdek, respublikada va xorijiy davlatlarda asalarichilik sohasida qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar, uskunalar hamda veterinariya dori vositalari ko‘rgazmasi tashkil etiladi.

Respublikaning turli mintaqalari va qo‘shni davlatlardan kelgan “Asal bayrami” va milliy asalarichilik hamda oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi ishtirokchilari uchun “Anhor-Lokomativ” bog‘i hududidan maxsus pavilonlar ajratilgan bo‘lib, u yerda nafaqat mahsulotni namoyish etish, balki o‘z mahsulotlarini keng jamoatchilik va poytaxt mehmonlariga sotish imkoniyati yaratiladi.  

Ishtirokchilar va ularning vakillari 3-10 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan asalarichilikning dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy-amaliy seminarlarda ishtirok etishlari mumkin.  

Seminarlar ochiq muloqot tarzida tashkil etiladi, ma’ruzalar va master-klasslar shaklida olib boriladi. Ilmiy va amaliy seminarlarda soha tadbirkorlari bilan bir qatorda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi va boshqa idora hamda tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.  

Ma’lumot uchun aytish joizki, sohada amalga oshirilgan samarali tadbirlar natijasida 2025 yilda asalarichilik bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar soni 35 mingtaga yetkazilib, 2024 yilga nisbatan 109 foizga (2017 yilga nisbatan 19 mingtaga yoki 2,3 barobarga) ko‘paygan. Respublikamizda parvarish qilinayotgan asalari oilalari soni esa 1 mln. 823 ming donaga, 2024 yilga nisbatan 107 foizga (2017 yilga nisbatan 1 mln. 149 mingtaga yoki 2,7 barobarga ko‘p) yetkazildi. 2025 yilda asal yetishtirish 17 ming tonnani tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 102,3 foizga (2017 yilga nisbatan 5,2 ming tonnaga yoki 1,4 barobarga ko‘p) yetdi. Mahalliy sharoitda yetishtirilgan ona arilar soni 1 mln. 825 ming donaga, 2024 yilga nisbatan 107 foizga (2017 yilga nisbatan 1 mln. 100 mingtaga yoki 2,5 barobarga ko‘p) yetkazildi.

Respublikamizdan Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Armaniston davlatlariga asalari paketlari eksporti 3 mln. 260 ming AQSH dollarga yetkazilib, 2024 yilga nisbatan (2 mln. 26 ming AQSH dollar) 1 mln. 234 ming AQSH dollarga yoki 1,6 barobarga (2017 yilga nisbatan 2 mln. 341 ming AQSH dollarga yoki 3,6 barobarga ko‘p) oshdi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA