Bugun poytaxtimizdagi “CAEx Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmalar markazida Toshkent xalqaro investitsiya forumining uchinchi kungi tadbirlari yanada qizg‘in ruhda davom etmoqda.
Mazkur nufuzli tadbir doirasida bir qator ahamiyatli kelishuvlarga erishilmoqda. Shulardan biri – Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova hamda Buyuk Britaniya Qirollik jamg‘armasi huzuridagi An’anaviy san’at maktabi direktori doktor Xolid Azzam o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi bo‘ldi.

Ushbu hujjat mamlakatimizning boy madaniy merosini muhofaza qilish, qayta tiklash va xalqaro miqyosda targ‘ib etishni ko‘zda tutadi. Xususan, mazkur hamkorlik natijasida Toshkent shahrida An’anaviy san’at va hunarmandchilik maktabini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu loyiha O‘zbekistonda an’anaviy san’atni saqlash va uni yangi avlodga yetkazish borasidagi muhim qadam sifatida baholanyapti. Maktab doirasida ishlab chiqilayotgan ixtisoslashtirilgan akademik dastur joriy yilning kuzidayoq ilk talabalarni qabul qiladi.
Ushbu ta’lim maskani yosh iste’dodlarga an’anaviy san’atni chuqur o‘rganish, amaliy ko‘nikmalarni egallash va milliy madaniyatni zamonaviy ruhda rivojlantirish imkoniyatini yaratadi. Bu esa O‘zbekistonning madaniy hayotida muhim yangilik bo‘lib, uni xalqaro miqyosda yanada keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA