Toshkent shahrining Bektemir tumanida joylashgan Favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in-qutqaruv qismida pirotexnika buyumlarini yo‘q qilish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida bojxona organlari, ichki ishlar idoralari hamda Milliy gvardiya tomonidan aniqlangan qonunbuzarlik holatlarida olib qo‘yilgan 945 ming dona pirotexnika vositalari maxsus tartibda — avval suvda bo‘ktirilib, keyin esa yaroqsiz holatga keltirilgan holda maxsus xandaqqa ko‘mib yo‘q qilindi.

Ma’lumki, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, saqlash, tashish, foydalanish yoki mamlakat hududiga olib kirish amaldagi qonunchilikka ko‘ra ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ayniqsa, Yangi yil bayrami arafasida bunday qonunbuzarliklar keskin ortib, aholi xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning 23 dekabriga qadar bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 136 ta holatda umumiy qiymati 2,3 mlrd. so‘mlik 7 mln. 350 ming donadan ortiq pirotexnika buyumlari ushlab qolingan. Ushbu holatlar bo‘yicha 12 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 89 ta ma’muriy ish yuritilgan.

Bugungi tadbirda asosan “Noviy vek”, “Zimniy les”, «Snejinki», “S novыm godom”, “Happy Boom”, “Seven Shots”, “Korolevskiy salyut” kabi salyut va petardalar yo‘q qilindi. Ularning umumiy qiymati 500 mln. so‘mga yaqinni tashkil etadi.
Xususan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan aniqlangan 120 mln. so‘mlik 562 ming dona pirotexnika vositalari sud qaroriga muvofiq yo‘q qilindi.

Shuningdek, 2024 yil 17 dekabr kuni «Yangihayot» blok-postida qo‘lga olingan qonunbuzarga nisbatan sud hukmi chiqarilib, unga 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Ma’lumot uchun, bugun yo‘q qilingan pirotexnika vositalarining 700 mingga yaqini bojxona, 240 mingdan ziyodi ichki ishlar, 5,6 mingdan ortig‘i Milliy gvardiya tomonidan olib qo‘yilgan.

Tadbir yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA