Toshkentda 61 yoshli ayol koronavirusdan vafot etdi
1959-yilda tugʻilgan poytaxtlik G. shu yilning 15-aprel kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga bosh miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi (insult) bilan yotqizilgan.
1959-yilda tugʻilgan poytaxtlik G. shu yilning 15-aprel kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga bosh miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi (insult) bilan yotqizilgan. Oʻtkazilgan tezkor diagnostik tahlillardan soʻng bemorda “Covid-19” koronavirus infeksiyasi ham aniqlangan. Shundan soʻng, unga ixtisoslashgan tibbiy yordam berish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli klinikasiga ogʻir holatda oʻtkazilgan.
Bemorda bosh miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi, oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi, ikki tomonlama bronxopnevmoniya, oʻtkir buyrak yetishmovchiligi, gipertoniya kabi qator xastaliklar boʻlganligi sababli davolanish ogʻir kechib, 14 kun sunʼiy nafas olish apparatida boʻlgan. Bundan avval , yaʼni 2-fevralida u ilk bor bosh miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi ( insult) tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan va davolanib chiqqan.
61 yoshli ushbu bemor davolanish davomida kunlik ahvoli video muloqotlar orqali xorijlik va mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari nazoratida boʻlgan. Ular tomonidan muntazam konsiliumlar oʻtkazib kelingan.
Biroq mutaxassislarning belgilangan standartlar asosida oʻtkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor oʻtkir respirator disstres sindrom, oʻtkir nafas yetishmovchiligi, oʻpka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi