Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda 55 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi
16:33 / 2025-12-22

Ma’lumki, Kadastr agentligining asosiy vazifalaridan biri, yer va kadastr nazorati tadbirlarini amalga oshirish hisoblanadi. Yerdan foydalanish va xususiylashtirishning o‘ziga xos tartib-taomillari aniq belgilangan bo‘lsa-da, qonun talablarini chetlab o‘tib, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari, afsuski, hali hamon uchrab turibdi.

Bu haqda Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi bosh yuriskonsulti Akobirxon Ahmedov quyidagilarni ma’lum qildi:

– Bugungi kunda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlash, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik, umuman, mamlakatimizda Yer qonunbuzilish holatlarini aniqlash va bartaraf etishda davlat nazoratini amalga oshirishda Kadastr agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Ye-yer nazorat” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan samarali foydalanilmoqda.

Mazkur dastur yordamida ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yilib, huquqbuzarliklarni bartaraf etish muddati qisqardi va idoralararo hujjat almashish tezkorligi oshirildi. U shuningdek, mutaxassislarga yer holatini kosmik suratlar yordamida nazorat qilib borish, noqonuniy qurilish yoki qurilishdagi qonunbuzarliklarni erta aniqlash imkonini bermoqda.

Yer nazoratchi inspektorlari to‘liq maxsus planshetlar bilan ta’minlangan bo‘lib, mazkur qurilma orqali aniqlangan yer qonunbuzilishi holati joyning o‘zida elektron rasmiylashtirilmoqda. Shuningdek,  yer nazorati tadbirlarida dronlardan ham keng foydalanilyapti.  

Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi va uning tumanlardagi bo‘lim xodimlari tomonidan 2025 yilning 11 oyida o‘tkazilgan yer va kadastr nazorati tadbirlari natijasida 3 721 ta holatda 55,75 gektar yerlarning o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlangan. Yerga oid eng ko‘p huquqbuzarlik poytaxtimizning Sergeli, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod hamda Olmazor tumanlarida qayd etilgan.

Kadastr xodimlari tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmalar, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 2 510 ta holatda 21,26 gektar yer qonunbuzilish holati fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilishiga erishilgan.  

O‘z vaqtida bartaraf etilmagan holatlar yuzasidan yer uchastkalarini qaytarish va ularda qurilgan imoratlarni bartaraf etish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. Huquqbuzarlik holatida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan 33 ta ish hujjati o‘rnatilgan tartibga muvofiq prokuratura organlariga yuborilgan.  

Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratib o‘tmoqchimiz, yuqoridagi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan holatlar O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustdagi 937-son Qonuni talablariga mutanosib emas. Aynan shuning uchun ham ushbu joylarda yer va kadastr nazorati tadbirlari amalga oshirildi.

Xabaringiz bor, bugungi kunda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun ijrosi doirasida xatlov ishlari olib borilmoqda.  

Ayrim fuqarolarimizning qonun talablarini noto‘g‘ri talqin qilishi sababli “qurilishi mavjud bo‘lsa, huquq e’tirof etilar ekan” deb, bo‘sh yerga imorat qurayotganlar ham uchrab turibdi. Hozir noqonuniy qurilish qilsam, “bu uyni 5-10 yil oldin qurganman degan iddao bilan hujjatlashtirib olaman” qabilida ish tutayotganlar adashmoqda. Sababi, Kadastr agentligi tomonidan yerlarning holatini o‘rganish bo‘yicha kosmik s’yomkalar, xaritalar bor. Ular yordamida 5-10 yil, hatto 20 yil ortga qaytarib tekshirish mumkin.

2018 yil 1 may sanasiga qadar yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallangan yer hamda undagi bino-inshootlarga nisbatan huquqlar ko‘rib chiqiladi. Agar qurilma belgilangan davrdan keyin qurilgan bo‘lsa, bunday qurilmalar tegishli tashkilotlar xulosasiga ko‘ra bartaraf etiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA