Poytaxtimizda 15–16 noyabr kunlari Markaziy bank va Boston Consulting Group (BCG) hamkorligida “CBU Coding Challenge 2025” tanlovi start oldi.
Bir qarashda oddiy IT-musobaqasiga o‘xshash bu tadbir aslida mamlakat moliya tizimining kelajagini belgilab beruvchi algoritmlarni amalda sinovdan o‘tkazishni maqsad qilgan.

Tanlov doirasida ishtirokchilar 48 soat davomida qarz oluvchining defolt ehtimolini aniqlovchi yangi modellarni ishlab chiqish vazifasini bajaradi. Bu jarayon odatda “yopiq” hisoblangan skoring tizimiga yosh dasturchilarning ilk marta ochiq kod orqali kirib borishi, uni tahlil qilishi va o‘z yechimlarini taklif etishi bilan ahamiyatli.
Mazkur jarayon nafaqat texnik muammoni hal etishga, balki insonning moliyaviy xatti-harakati, qarzni qaytarish qobiliyati va tavakkal darajasini tushunishga ham yo‘naltirilgan.
Tanlovga qisqa vaqt ichida 629 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, saralash bosqichidan keyin 154 nafar ishtirokchi tanlandi. Ular 40 ta jamoaga birlashtirilib, skoring modellarini yaratish bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyish qilmoqda.
Dastlabki kun jamoalar vazifa va texnik talablar bilan tanishdi. BCG hamda IT Park mutaxassislaridan maslahatlar oldi. Ikkinchi kunda esa asosiy bosqich — ma’lumotlardan yagona dataset tayyorlash, ularni tozalash, tahlil qilish va defolt ehtimolini bashoratlovchi modelni qurish ishlari boshlanadi.

Skoring modelini yaratish faqat dastur yozish emas. Bu — inson omilini matematik ifodalarga aylantirish, moliyaviy xatarlarni to‘g‘ri baholash, bank tizimida qabul qilinadigan minglab qarorlar uchun zamin yaratish demakdir.
Tanlov g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Biroq eng asosiy imkoniyat — Markaziy bankda amaliyot o‘tash va kelgusi faoliyat uchun mutaxassis sifatida tanlanish. Shu jihatdan, tanlov yoshlar va moliya sektori o‘rtasidagi muhim ko‘prik vazifasini o‘taydi.

“CBU Coding Challenge 2025” fintex ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan muhim chora-tadbir bo‘lib, data science sohasida yangi kadrlar tayyorlash, kredit xatarlarini baholashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, davlat, xususiy sektor va OTMlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarga amaliyot va tajriba berish kabi strategik vazifalarni bajaradi.
48 soatlik mazkur intellektual marafon – innovatsiyalar maydoni, yangi g‘oyalar uchun ochiq laboratoriya va moliya sektoridagi yangi avlod mutaxassislari uchun katta imkoniyatlar eshigi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA