Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkentda 475 km.ga yaqin 34 ta alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etiladi
09:55 / 2022-12-21

Toshkent shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab 475 km.ga yaqin 34 ta alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish rejalashtirilgan.

IIV Jamoat xavfsizligi depertamenti yo‘l-harakat xavfsizligi boshqarma boshlig‘i Fazliddin Toshkenboyevning so‘zlariga ko‘ra, yaqin bir hafta ichida asosiy ko‘chalar – Alisher Navoiy, Beruniy, Amir Temur va "Farg‘ona yo‘li" ko‘chalari bo‘ylab yo‘lakchalar tashkil etiladi. Qolgan ko‘chalarda esa 1-2 oy ichida to‘liq tashkil etiladi.  

– Poytaxtda avtobuslar uchun chizilayotgan yo‘lakchalar jamoat transportlarining tirbandlikda qolmasligi uchun zarur, – deydi F.Toshkenboyev. – Ushbu yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina Tez yordam, Yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin. Qolgan avtotransport vositalariga esa harakatlanish taqiqlanadi va bu tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ammo har qanday avtomobilga ma’lum sababga ko‘ra, masalan, yo‘l yoqasidagi ob’ektlarga yoki ko‘chaga kirish uchun ushbu yo‘lakda foydalanishga ruxsat etiladi.  

Buning uchun yo‘lakchalarda uziq chiziqlar mavjud bo‘lib, taxminan 40-50 metr masofa belgilanadi. Ko‘cha yoki ob’ekt boshlangan joyda ushbu uziq chiziqlarning ta’sir doirasi tugaydi va avtomobillar avtobuslar uchun mo‘ljallangan yo‘lakchani bo‘shatib qo‘yishlari talab etiladi.  

Avtobus haydovchilarining bilim-ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ular bilan alohida suhbatlar, tushuntirishlar va ekspress kurslar tashkil etilyapti.  

Bundan tashqari, yangi haydovchilarni jamlash bo‘yicha ishchi guruh tashkil qilinib, 200dan ortiq haydovchi bilan qisqa muddatli o‘quvlar tashkil etilmoqda. Shundan so‘ng ular maxsus sinovdan o‘tkaziladi va shartnoma imzolanadi.  

 

 

O‘zA