Davlat xavfsizlik xizmati tashabbusi bilan respublika huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan noqonuniy muomaladan musodara qilingan giyohvandlik vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha navbatdagi tadbir o‘tkazildi.
Yangihayot tumanida 26 iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda mutasaddi idoralar xodimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir oldi mavzu yuzasidan brifing tashkil qilindi. Unda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha jurnalistlarga batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, respublika huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan 2023 yil mobaynida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 10 ming 39 (8694) ta yoki o‘tgan yilning mazkur davriga nisbatan 15,5 foizga ko‘p holat aniqlangan bo‘lib, 10 ming 11 (8681 yoki +15,3 foiz) ta holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, 28 (13) ta holatda esa jinoiy ish qo‘zg‘atish qarori rad etilib, ma’muriy choralar qo‘llanilgan. Shu yili respublikada giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasidan jami 10 tn 370,8 kg (2 tn 232,9 kg) miqdordagi giyohvandlik vositalari musodara qilingan.
[gallery-17998]
Brifingda shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvandlik vositalari va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal xonim ham so‘z olib, O‘zbekistonda giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Shundan so‘ng narkotik vositalarni yo‘q qilish tadbiriga navbat berildi. Ma’lum qilinishicha, mazkur tadbirga quyidagilar tayyorlangan bo‘lib, yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi:
— 2 tonna 158 kg 447,2 gr. giyohvandlik vositalari, shu jumladan, 37 kg 567,58 gr. geroin, 184 kg 697,11 gr. opiy, 413 kg 834,34 gr. gashish, 28,58 gr. ko‘knor boshog‘i, 95 kg 924,44 gr. ko‘knor somoni, 11 kg 262,76 gr. ko‘knor o‘simligi ko‘saklari, 424 kg 708.92 gr. marixuana o‘simligi (yog‘i bilan), 961 kg 386,86 gr. kannabis o‘simligi, 18,73 gr. kannabis moyi, 347,85 gr. tetragidrokannabinol, 6,48 gr. kokain, 0,14 gr. kodein, 50,34 gr. tramadol, 0,69 gr. dezomorfin;
— sintetik giyohvandlik vositalari bo‘lgan 3 kg 177,97 gr. a-PVP, 23 kg 186,64 gr. 4-metilmetkatinon (mefedron), 15,50 gr. spays, 79,46 gr. MDMA, 38,99 gr. amfetamin, 2 kg 110,21 gr. metamfetamin, 1,2 gr. metadon va 2,27 gr. kaliy permanganat prekursori hamda 0,06 gr. zopiklon kuchli ta’sir qiluvchi preparat;
— 28990 tup ko‘knor o‘simligi, 13251 tup kannabis o‘simligi, 137 dona kannabis o‘simligi bo‘laklari shoxlari, 36640 dona tabletka, 318 dona kapsula, 39 dona ampula ko‘rinishidagi giyohvandlik, psixotrop moddalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, 416 ml. tarkibida giyohvandlik vositalari mavjud bo‘lgan turli aralashmalar.
2024 yilda «O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024–2028 yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya» ishlab chiqildi. Milliy strategiyada qayd etilgan bandlar ijrosi bo‘yicha alohida tartibda Respublikaning vakolatli organlari bilan hamkorlikda «Yo‘l xarita» asosida Milliy strategiyani hayotga keng tatbiq etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, 2024 yil 4 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarini samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat va hamkorlik qilishga tayyorligi» rezolyutsiyasini qabul qildi.
Respublikaning an’anaviy tajribasiga muvofiq, sud jarayonida ashyoviy dalillar sifatida o‘tgan giyohvandlik vositalari, sud hukmi qonuniy kuchga kirgach, bugungidek maxsus pechlarda yoqib yuboriladi.
Umidjon Qurbonov,
Nosir Haydarov (foto), O‘zA