Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent yashil innovatsiyalar markaziga aylanadi
15:16 / 2025-06-17

“Yashil tashabbuslar” (Green Initiatives) atrof-muhitni muhofaza qiladi. Ular havoning ifloslanishini kamaytiradi, suv va yer resurslarini tejaydi hamda tabiiy ekotizimlarni asraydi. Bundan tashqari ekologik toza texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot”da yangi ish o‘rinlari yaratishga, sarmoya jalb qilishga va jamiyatni uzoq muddatli taraqqiyotga olib borishga xizmat qiladi.

AOKAda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati mas’ul xodimi Murodjon Nurmatov ishtirokida brifing tashkil etildi.

Qayd etilishicha, poytaxtimizda joriy yilning 19–21-iyun kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan "Eco Expo Central Asia 2025" ekologik texnologiyalar xalqaro ko‘rgazmasi barqaror kelajak yo‘lida global ekologik hamjamiyat, sanoat, davlat va xususiy tuzilmalarni birlashtiradigan harakat bo‘lishi kutilmoqda.  

Ko‘rgazma davomida ekologiyadagi sun’iy intellektdan tortib suvni tejash yechimlarigacha, yashil energiyadan ekoturizmgacha bo‘lgan masalalar muhokama qilinadi. Turkiya, Xitoy, BAA, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Germaniya va boshqa 25 dan ortiq davlatdan eksponentlar ishtirok etadi. Biznes uchrashuvlari, taqdimotlar, ekspertlar panellari, shuningdek, startaplar va ekologik loyihalar taqdimotlari bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazmada mintaqaning eng og‘riqli ekologik muammolaridan biri — Orol dengizi masalasiga alohida e’tibor qaratiladi, shuningdek, “yashil” transport, shaharlarni obodonlashtirish va  ekoturizmni rivojlantirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin olgan.

Mazkur tadbirda ishtirok etuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkentning bir nechta hududidan "CAEx Uzbekistan" ko‘rgazmalar majmuasiga bepul avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA