Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent yana bir nufuzli musobaqani qarshi oladi
11:18 / 2021-11-18

Toshkent dunyo sportining eng nufuzli musobalaridan biri – og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatini qarshilashga hozirlik ko‘rmoqda.

Joriy yilning 7-14 dekabr kunlari Toshkentda og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi. Shu bilan birga Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi kongressi masalasi ham muhokamalar markazida bo‘lib turibdi.

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi bilan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi munosabatlari osmonida quyosh charaqlashi ko‘p jihatdan O‘zbekiston poytaxtida o‘tadigan og‘ir atletika tadbirlariga bog‘liq.

bugungi kunda mazkur nufuzli sport anjumanlarini o‘tkazish borasida mamlakatimizda keng miqyosdagi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Kuni kecha mazkur jarayonlar bilan tanishish maqsadida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi musobaqalarni o‘tkazish departamenti menejeri Mattias Lenzer, IWF yetakchi mutaxassisi Mariya Cheresniyes, IWF bo‘lim direktori Liliya Sagi poytaxtimizga tashrif buyurdi.

Nufuzli xalqaro sport tashkiloti mutaxassislari avvaliga O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov bilan uchrashib, chempionat va kongress yig‘ilishi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi. Shundan so‘ng, musobaqalar o‘tadigan sport majmualari, xalqaro sport rahbarlari, sportchilar joylashadigan mehmonxonalar, kongress yig‘ilishi uchun belgilangan anjuman zallari bilan tanishdi.

Shuningdek,  IWF mutasaddilari O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov bilan uchrashib, ushbu chempionat va Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining kongressi borasida fikr almashdi.

Suhbat davomida MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov ushbu musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish borasida mamlakatimizda katta tayyorgarlik olib borilayotganini ta’kidlab, Toshkent og‘ir atletika bo‘yicha ko‘plab nufuzli musobaqalarga mezbonlik qilganligini, kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati ham yuqori saviyada o‘tishini aytib o‘tdi.  

Shu bilan birga MOQ bosh kotibi o‘zbekistonlik sportchilarning o‘tgan ikki olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyati, mamlakatimiz yoshlari orasida og‘ir atletikaga bo‘lgan qiziqishning yanada ortayotganligini alohida e’tirof etdi.  

Suhbat davomida dunyo birinchiligining translyatsiyasi bilan bog‘liq masalalar qatorida musobaqadan so‘ng o‘tadigan xalqaro tashkilot kongressiga tayyorgarlik masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida mehmonlarga milliy urf-odatimizga ko‘ra, esdalik sovg‘alari topshirildi. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi mutaxassislari 17 noyabr kuni tunda Toshkentdan jo‘nab ketishdi.

Eslatib o‘tamiz, aynan Toshkentda o‘tadigan kongressda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi(IWF)ning Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan talab qilinayotgan yangi Nizomi qabul qilinadi, shuningdek IWF prezidenti, vitse-prezidentlari va ijroiya qo‘mita a’zolari saylanadi.

To‘lqin Ro‘ziyev,  O‘zA