Poytaxtimizdagi Markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan “Rassom va jamiyat. Kelajak san’ati konsepsiyalari” mavzuida o‘tkazilgan IX Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari, rassom va haykaltaroshlar, dizaynerlar, san’atshunos olimlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov mazkur biyennalening yuksak saviyada o‘tkazilishi mamlakatimizda milliy san’at ravnaqi yo‘lidagi e’tiborning yana bir amaliy isboti ekanini ta’kidladi.
Davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi asosida Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi 2001 yildan buyon ikki yilda bir marotaba O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan qator vazirlik va idoralar ko‘magida, diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar hamkorligida o‘tkazib kelinmoqda.
U tasviriy san’at sohasida madaniy almashinuv, turli mamlakatlar zamonaviy ijodiy salohiyati bilan tanishuv, zamonaviy san’atning dolzarb muammolarini muhokama qilish uchun ochiq maydon bo‘lib xizmat qilayapti. Biyennale ko‘rgazmalarida jahon va milliy san’at namunalari namoyish etildi. Zamonaviy tasviriy, konseptual san’atning xorijdagi mashhur namoyandalari bilan ijodiy tajriba almashish, muloqotlar uyushtirildi. Jahonning sohadagi nufuzli ilmiy dargohlari vakillari ishtirokida ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazildi.
IX Toshkent xalqaro zamonaviy san’at Biyennalesi nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu yil 35 ta xorijiy davlat, jumladan, Ozarbayjon, Argentina, Armaniston, Bolgariya, Belarus, Braziliya, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Niderlandiya, Misr, Isroil, Italiya, Ispaniya, Eron, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Quvayt, Kanada, Litva, Malayziya, Polsha, Rossiya, Ruminiya, Serbiya, AQSH, Turkmaniston, Tojikiston, Turkiya, Tunis, Fransiya, Filippindan 40 nafarga yaqin hamda yurtimizning 50 nafar zamonaviy tasviriy san’at ustalari ishtirok etgani buning yaqqol isbotidir.
Besh kun davomida ushbu Biyennaleda xorijiy rassomlardan 25 nafari oflayn, 12 nafari onlayn ishtirok etadi. Dasturga muvofiq, Biyennale ishtirokchilar tomonidan jami 8 ta ijodiy ko‘rgazma o‘tkaziladi, 6 ta mahorat darsi va ma’ruzalar uyushtirildi.
Biyennaleda xalqaro va mahalliy ijodkorlar tasviriy san’atning qator zamonaviy yo‘nalishlari – raqamli san’at, installyatsiya, video va foto art, shuningdek, rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik bo‘yicha ishtirok etdilar.
IX Toshkent xalqaro zamonaviy san’at Biyennalesi tadbirlari O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Markaziy ko‘rgazmalar zali, Toshkent fotosuratlar uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining va O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining anjumanlar zallarida bo‘lib o‘tdi. Dastur doirasida xorijiy ishtirokchilarga Samarqand shahriga sayohat uyushtirildi. Xorijlik mehmonlar mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari bilan kengroq tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Biyennale nizomiga asosan g‘olib ishtirokchilar Gran-pri, 1,2,3-o‘rin asosida taqdirlandi. Xalqaro ko‘rgazmaning hakamlar hay’ati a’zolari quyidagilardan iborat bo‘ldi. Alessandro Karer – Garutsso Fondi bosh kuratori (Italiya), Anjani Kumar Sing –Bixar muzeyi raisi (Hindiston), Yunus Safardiyor – rassom, haykaltarosh (Buyuk Britaniya), Kirill Gavrilin – Rossiya Badiiy akademiyasi muxbir a’zosi (Rossiya), Kamola Akilova – Hay’at raisi, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi direktori.
Biyennale hay’ati qaroriga ko‘ra Gran-pri – “5+1” ijodiy guruhiga (o‘zbekistonlik rassomlar Diyor Roziqov, Nuriddin Rasulov, Sanjar Jabborov, Doniyor Sharafxo‘jayev, Sharifa Sharafxo‘jayeva, O‘ktam Saidov) «TAN» loyihasi uchun berildi.
IX Toshkent Xalqaro zamonaviy san’at Biyennalesida 1-o‘ringa Batuxan Baymen shaxsiy ko‘rgazmasi uchun (Qozog‘iston), 2-o‘ringa Linda Mariya Verner “Yuza” video-art loyihasi uchun (Germaniya), 3-o‘ringa Viktor An “Biometrik pasport” fotosuratlar loyihasi uchun (O‘zbekiston) munosib topildi.
Shuningdek, yurtimiz va xorijlik o‘n nafar ijodkor rag‘batlantiruvchi mukofotga munosib topildi. Tadbirda g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri