Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent xalqaro konferensiyasi Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi
22:11 / 2022-07-26

Toshkent shahrida 25-26 iyul kunlari “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Yevropa, Amerika qit’alari, Yaqin va O‘rta Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqalari, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilot rahbarlari va mutaxassislari, yetakchi tahliliy markazlar vakillari hamda Afg‘oniston Muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirok etdi.

Mazkur anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad Afg‘onistonda gumanitar inqirozning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqish, milliy iqtisodiyotni tiklashga ko‘maklashish, ko‘p millatli afg‘on xalqi va butun dunyo manfaati yo‘lida ushbu mamlakatni mintaqaviy hamkorlik jarayoniga jalb etishdan iborat.

Uchrashuvni mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov ochib berarkan, Afg‘oniston hukumati oldida turgan muhim vazifalarga to‘xtaldi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbarining konferensiya ishtirokchilariga murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili, Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Komilov o‘qib eshittirdi.

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy o‘z mamlakatidagi barqarorlik butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi tinchlik va xavfsizlik garovi ekaniga alohida urg‘u berdi.

Konferensiya yalpi majlisi davomida xorijiy ekspertlar tomonidan turli taklif, tashabbuslar ilgari surildi, mavzuga oid ma’ruzalar tinglandi. Xavfsizlik, ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilashga ko‘maklashish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan yondashuv va tamoyillar ishlab chiqish zarurligi xususida yakdil fikr-mulohazalar bildirildi.

Anjuman dasturiga muvofiq, turli dolzarb mavzularga bag‘ishlangan seksiya uchrashuvlari ham bo‘lib o‘tdi. Qo‘shni Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan gumanitar hamda infratuzilmaviy loyihalar taqdimoti namoyish qilindi.

Toshkent konferensiyasiga tashrif buyurgan taniqli xorijlik mutaxassislar, tajribali ekspertlar mamlakatimizning Markaziy Osiyoda xavfsizlik, tinchlik hamda barqaror taraqqiyotni ta’minlash, xususan, Afg‘onistonni terrorizm va urushdan xoli tinch, farovon mamlakatga aylantirish yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatini yuksak baholadi.

Tadbir yakunida Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaga mezbon davlat bayonoti qabul qilindi.

Behruz XUDOYBERDIEV,

Ulug‘bek MAHMIRZAEV,

O‘zA muxbirlari