O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli kinorejissyor Jahongir Ahmedov tez orada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan Toshkent xalqaro kinofestivali hamda kino sohasidagi bugungi o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi.
- Prezidentimizning joriy yil 19 iyundagi “Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro kinofestivali endilikda “Ipak yo‘li durdonasi” nomi bilan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan 2021 yildan boshlab har yili 28 sentyabr – 3 oktyabr kunlari o‘tkaziladi.
Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqaro kinofestivali, deb nomlangan Toshkent kinofestivali 1968–1997 yillarda may oyi oxiri – iyun oyi boshida o‘tkazilganidan ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak. Toshkent xalqaro kinofestivalining o‘tkazilishi jahonga chiqishimiz uchun katta bir yo‘lak, deb aytish mumkin.
Umuman olganda, o‘zbek kinosidagi islohotlar 2016 yildan boshlangan edi. Prezidentimiz 2017 yil 3 avgustda ziyolilar bilan uchrashuvda bir nechta tarixiy filmlarni suratga olish vazifasini qo‘yganida biz ham shoshib qolgandik.
Endilikda o‘z mutaxassislarimizni toblab olyapmiz. Mahalliy mutaxassislarni shakllantiryapmiz. Ma’lum bir muddat tarixiy filmlarimizning ishlanmasligi, tarixiy qahramonlarimizga murojaat qilinmasligi, katta avlod ham, ayniqsa yoshlarimiz qo‘shni davlatlarni yoki tarixiy turk seriallarini sevib tomosha qilishga majbur bo‘lishdi. Chunki ularning o‘rnini bosadigan o‘zimizning tarixiy filmlarimiz aynan o‘sha jarayonda maydonni egallamadi. Mana endi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan ushbu bo‘shliqni to‘ldirayotgan tarixiy dramalar, hujjatli filmlar suratga olinyapti.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA