English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent xalqaro kinofestivali – do‘stlik, tinchlik, mehr-oqibat ramzi
15:52 / 2022-09-13

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qayta tiklangan “Ipak yo‘li durdonasi” XIV Toshkent xalqaro kinofestivali tadbirlari ilk kunlardanoq g‘oyat qizg‘in tusga kirdi. SHHTga a’zo davlatlar kinosi kunlari boshlangan ilk jarayonda kinofestivalga mehmon bo‘lib kelgan xorijlik ishtirokchilarning fikrlari bilan qiziqdik.

Viktor Vasilev, Belarus kinematografchilar uyushmasi raisi:

– Qayta tiklangan Toshkent xalqaro kinofestivali biz uchun tinchlik, do‘stlik, mehr-oqibat, hamjihatlik, barqarorlik ramzi bo‘lishi bilan birga, ijod zavqiga aylangan, muloqotlarga boy bo‘lgan festivaldir. Yurtimiz kinoijodkorlari ushbu festivalda ishtirok etish orzusida edilar. Biz Toshkent xalqaro kinofestivali uchun “Portlash” (“Podriv”) hamda “Ayiqning 10 ta hayoti” nomli kinofilmlarni olib keldik. “Portlash” badiiy filmi Ikkinchi jahon urushi yillarida Belarusning jangovar harakatlar sodir bo‘lgan xududlarini mina va snaryadlardan tozalash bo‘yicha tuzilgan maxsus otryadning jasorati haqida hikoya qiladi. “Ayiqning 10 ta hayoti” kartinasida esa super realistik o‘yinlarga kirib qolgan kishilarning sarguzashtlari aks ettirilgan. Umuman olganda, Toshkent xalqaro kinofestivali kinochilarning o‘zaro fikr va tajriba almashishi uchun juda qulay imkoniyatdir.

Fizza Ali Mirza, pokistonlik kinoprodyuser:

– Ushbu xalqaro kinofestival kinematografiya sohasi ijodkorlarining o‘zaro hamkorligi uchun yangi qirralarni ochishi bilan qadrlidir. Azaldan Ipak yo‘li madaniyatlar, ilm-fan, ma’rifat rivoji yo‘lida muloqot uchun o‘ziga xos vosita bo‘lgan. Markaziy Osiyo hududi tarixan madaniyat chorrahasi sifatida yaxshi ma’lum. Bularning bari bizning tariximiz, madaniyatlarimiz mushtarakligida o‘zining yaqqol ifodasini topgan. Pokistonlik kinochilar ushbu festivalga “Mototsiklchi qiz”, “Tort”, To‘y o‘tkazish” kabi filmlarni olib kelishgan. Ushbu kartinalar kino muxlislariga manzur bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Afshin Hoshimi, eronlik kinoprodyuser:

– O‘zaro fikr va tajriba almashish kinoijodkorlarga katta kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Kelgusidagi ijodi uchun o‘ziga xos turtki beradi. O‘zbekistonning boy madaniyati, tarixi Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ushbu festival bugungi kunda o‘zbek kinosi sohasidagi o‘zgarishlar bilan birga dunyo kinematografiyasida kechayotgan jarayonlardan ham xabardor qiladi. To‘g‘risi, ushbu festivalda ishtirok etish uchun taklif etilganimdan juda mamnunman.

Aday Abeldinov, Qozog‘istondagi Milliy kinoni qo‘llab-quvvatlash davlat markazining xalqaro kinofestivallar bo‘yicha ijrochi direktori:

– Toshkent xalqaro kinofestivalining “Besh kunda kino” loyihasini alohida e’tirof etmoqchiman. Bu loyiha yoshlarning kinematografiya sohasidagi imkoniyatlarini to‘liqroq namoyon etishlari uchun yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga molikdir. Qozog‘iston yosh kinematograflarining “Olov” hamda “Paralimpiyachi” filmini mazkur festivalda namoyish uchun olib keldik. “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali asosan yoshlarning iste’dodini namoyish etish, ularning kino sohasidagi bilimlarini yanada boyitish, mahoratini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.