24-26 mart kunlari birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) bo‘lib o‘tadi.
Dunyoning turli mamlakatlarining ishbilarmon va siyosiy doiralar vakillari Forum ishtirokchilari va mehmonlari bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytgacha Forumda qatnashish maqsadida dunyoning 56 mamlakatidan 1,5 mingdan ortiq kishi, shu jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari murojaat qildi.
Forum xalqaro kun tartibidagi muhim voqeaga aylanadi. Tadbir dasturi panel sessiyalari, alohida mavzularga doir muhokamalar va davra suhbatlariga boy bo‘lishi kutilmoqda. Uning davomida O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlarining investitsiyaviy, savdo, sanoat, transport va tranzit salohiyati ochib beriladi. Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar haqida ma’lumotlar beriladi. Hukumatning mamlakatni strategik rivojlantirish, xususiy sektorni rag‘batlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va boshqa yo‘nalishlaridagi ustuvor vazifalari belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, forumda O‘zbekistonning turli tarmoqlari va hududlarining investitsiyaviy va savdo imkoniyatlari, moliya bozorini rivojlantirish istiqbollari, mahalliy sanoatni modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, savdoni liberallashtirish va mamlakatni mintaqaviy va xalqaro bozorlarga integratsiyalash chora-tadbirlari to‘g‘risida taqdimotlar bo‘lib o‘tadi.
Forum, shuningdek, mushtarak maqsadlarga javob beruvchi loyihalar va tashabbuslar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbollari va amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralarni o‘tkazish uchun samarali maydonga aylanadi.
Forum tadbirlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Youtube kanalida, shuningdek, Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi Vazirlikning axborot resurslarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatiladi. Dunyoning istalgan nuqtasidan Internetga ulangan har qanday tomoshabin translyatsiyani tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Forumda qatnashish uchun 20 martgacha http://www.iift.uz saytida ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Go‘zal Sattorova, O‘zA