Poytaxtimizdagi “Tashkent City” Xalqaro ishbilarmonlar markazi Kongress-xollida Toshkent xalqaro investitsiya forumi oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov so‘zga chiqib, mazkur forum xalqaro kun tartibidagi muhim voqeaga aylanishi kutilayotganini ta’kidlab, dastur yalpi yig‘ilishlar, alohida mavzularga doir muhokama va davra suhbatlariga boy ekanini qayd etdi.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, 24-26 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida dunyoning 56 mamlakatidan 1,5 mingga yaqin kishi, jumladan, turli davlatlar ishbilarmon va siyosiy doiralar vakillari, moliya institutlari, xorijiy vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etadi.
Ayniqsa, ushbu forumda qatnashish uchun Toshkentga kelgan ikki nufuzli xalqaro moliyaviy institut – Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki prezidentlari anjumanga katta qiziqish bildirayotgani O‘zbekiston investitsiya salohiyatini yuksaltirishda beqiyos ahamiyata ega ekani qayd etildi.
Forumda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar to‘g‘risida ham so‘z boradi. Hukumatning mamlakatni strategik rivojlantirish, xususiy sektorni rag‘batlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va boshqa yo‘nalishlardagi ustuvor vazifalari belgilanadi.
anjumanida vazir loyihalar va tashabbuslar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqboli va amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida G2G, G2B va B2B shakllarida uchrashuv, muzokaralar o‘tkazilishini eslatdi.
– O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlari investitsiya, savdo, sanoat, transport va tranzit salohiyatini ochib berishga xizmat qiluvchi ushbu forum strategik tashabbuslarni muhokama qilish, xalqaro biznes hamjamiyatiga mamlakatimiz investitsiya imkoniyatini namoyish etish uchun yaratilayotgan yangi maydon, – dedi S.Umurzoqov.
Tadbir davomida respublikamizning investitsiyaviy va savdo imkoniyatini kengaytirish, moliya bozorini rivojlantirish istiqboli, mahalliy sanoatni modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, savdoni liberallashtirish va xalqaro bozorga integratsiyalash chora-tadbirlari to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkaziladi.
Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan matbuot anjumanida jurnalistlar tadbirlar dasturi, yalpi muhokamalar va davra suhbatlari uchun belgilangan mavzular yuzasidan muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar, o‘zlarini qiziqtirgan qator savollarga javob olishdi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA