Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent xalqaro investitsiya forumi – iqtisodiy hayotimizda ulkan voqea boʻladi
18:23 / 2020-02-13

Maʼlumki, joriy yilning 5-6-mart kunlari Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining majlisi boʻlib oʻtadi.

Investitsiya – taraqqiyot drayveri

Maʼlumki, joriy yilning 5-6-mart kunlari Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining majlisi boʻlib oʻtadi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan mazkur anjuman xorijiy va milliy kompaniyalari, investorlar, ekspertlar va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat 1 ming 500 dan ziyod ishtirokchini bir joyga toʻplaydigan eksklyuziv tadbirlardan hisoblanadi.

Forum dasturida “biznes uchun ochiqlik”, hududiy aloqalarni chuqurlashtirish”, Texnologik innovatsiyalarni joriy etish” yoʻnalishlarida qator seminarlar, davra suhbatlari uyushtirilishi koʻzda tutilgan.

Forumni oʻtkazishdan maqsad keng jamoatchilik va xalqaro biznes olami vakillarini Oʻzbekistonning moliya, sanoat, turistik kabi iqtisodiyotning turli sohalariga investitsiya jalb qilish imkoniyatlarini koʻrib chiqish, mamlakatimizda xorijiy kompaniyalar, investorlarning biznes olib borishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirishdan iborat. Bundan tashqari, ishtirokchilar hududlar taraqqiyoti, raqamli texnologiyalar, muqobil energetikadagi soʻnggi yangiliklar bilan ham tanishadi.

Forumda hukumat organlari vakillari, bank-moliya tuzilmalari, sugʻurta kompaniyalari, korxonalar, agentliklar, uyushmalar rahbarlari ishtirok etadi. Unda turli formatdagi majlislar, mavzuga bagʻishlangan davra suhbatlari uyushtiriladi. Oʻz ishining ustalari, ekspertlar investitsiya sohasida kechayotgan soʻnggi tendensiyalarni aniqlab olish, yangi qarorlar ishlab chiqish, takliflar berish, bularning barchasi Toshkent xalqaro investitsiya forumida koʻzda tutilgan.

Qolaversa, iqtisodiyot drayverlari hisoblangan energetika, mashinasozlik, elektr texnika, axborot texnologiyalari, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati, qurilish sohalari hamda hududlarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirish ham xalqaro forumda keng muhokama qilinadi.

2019-yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilingan edi. Shu munosabat bilan, oʻtgan yili mamlakat iqtisodiyotiga investitsiya jalb qilish yoʻnalishida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilingan xorijiy sarmoyalar 4,2 milliard AQSH dollariga yetkazildi. Bu, 2018-yil bilan taqqoslaganda 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 barobarga oʻsdi deganidir.

Koʻrinib turibdiki, mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar iqtisodiyotga toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalar jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Shuningdek, bu chegara emasligini, uni oshirish imkoniyatlari hali koʻpligiga yana bir dalil boʻlmoqda. Shundan kelib chiqib, 2020-yilda marra yana-da baland olindi. Yaʼni, bu yil iqtisodiyotga 5,8 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilish moʻljallanmoqda.

Bu shunchaki havodan olingan emas, balki hukumatimiz tomonidan puxta oʻylangan, iqtisodiyotimizga sarmoya jalb qilish koʻlami, imkoniyatlari ipidan ignasigacha hisob-kitob qilingan raqamlardir.

Mamlakatda qulay investitsiya muhitini shakllantirish va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni ragʻbatlantirish, ushbu yoʻnalishda izchil olib borilayotgan davlat siyosatiga investorlar ishonchini mustahkamlash maqsadida Toshkent xalqaro investitsiya forumini yuqori saviyada oʻtkazish yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirildi. Ayni paytda dunyoning yetakchi xorijiy kompaniyalari, xalqaro moliya tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini forumga jalb etish uchun tegishli ishlar olib borilmoqda.

Toʻgʻri, ayrimlar uchun Toshkent xalqaro investitsiya forumi yangilik emasdek tuyulishi mumkin. Chunki mamlakatimizda bunday yirik forumlar, biznes anjumanlari, koʻrgazma va yarmarkalar koʻp oʻtkaziladi. Lekin yoʻnalishlar qamrovi, taklif etilayotan ishtirokchilar soni, koʻzda tutilgan loyihalar, muhokama etiladigan masalalar koʻlami bilan bu galgi tadbir avvalgilaridan butunlay boshqacha boʻladi. Chunki mazkur voqea Oʻzbekistonda boshlangan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar shiddatli tus olgan davrida, jamiyatimizda jadal demokratik yangilanishlar kechayotgan, tadbirkorlarga har qachongidan koʻp qulayliklar yaratilayotgan sharoitda yuz bermoqda. Eng muhimi, yurtimizdagi oʻzgarishlar dunyo hamjamiyatining mamlakatimizga boʻlgan eʼtibori kuchaygan bir paytda mazkur xalqaro forumning oʻtkazilishi uning masʼuliyatini ham, nufuzini ham bir necha karra oshirishi shubhasiz.