Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Toshkent xalqaro biyennalega mezbonlik qiladi
19:09 / 2021-10-27

Toshkentda har ikki yilda bir marta an’anaviy tarzda o‘tkaziluvchi tasviriy va amaliy san’at, fotografiya san’atiga oid biyennalalar o‘zining teran ma’rifiy-ijodiy salohiyati, ezgulik sari chorlovchi g‘oyalari, betakror ahamiyati, ishchan ruhi bilan jahon biyennalelari orasida alohida o‘rin egallaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 25 oktyabrdagi tegishli yig‘ilish bayoniga ko‘ra, shu yilning 8-13 noyabr kunlari Toshkent shahrida “Zamonaviy amaliy san’at: dekor va uslub” nomli III Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi o‘tkaziladi.

Milliy amaliy san’atimizning go‘zal va betakror namunalarini dunyoga keng namoyish qilish, salohiyatli ijodkorlarni kashf etish, shu bilan birga xorijiy mamlakatlarning amaliy san’atidan ham bahramand bo‘lish, xalqlar o‘rtasida hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi mazkur biyennale yurtimiz madaniy va ma’naviy hayotida yirik voqeadir.

Ushbu xalqaro ko‘rgazmada dunyoning turli mamlakatlari rassomlari, dizaynerlari, tasviriy va amaliy san’at, dekoratsiya ustalarining ijod namunalari tomoshabinlar e’tiborga havola etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Ayni paytda biyennale ijodkorlarning o‘zaro fikr va tajriba almashish, o‘z faoliyatini mahsulini kengroq namoyish etish uchun ham qulay platformaga aylanadi.

“Zamonaviy amaliy san’at: dekor va uslub” nomli III Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi doirasida rang-barang ko‘rgazmalar, taqdimotlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, davra suhbatlari, seminar va mahorat darslari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur yirik ijodiy loyiha mamlakatimiz madaniy-ma’rifiy hayotida o‘ziga xos va betakror voqea bo‘lishi muqarrar.

Nazokat Usmonova, O‘zA