Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti poytaxt va mamlakat uchun muhim darvoza hisoblanadi. Bugun maskan yanada zamonaviy, qulay va ochiq ruhdagi infratuzilma bilan yo‘lovchilarni qarshi olishga shay.
Aeroportda rekonstruksiya ishlarining navbatdagi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi. Ya’ni, uchib kelish zali tubdan yangilanib, ochiq terrasa va jo‘nash terminalidagi yangi VIP zali ishga tushirildi.

Ta’mirlash doirasida asosiy kelish zali fasadi oldinga surilib, 2200 kvadrat metrga kengaytirildi. Endilikda bu yerdagi umumiy maydon qariyb 5000 kvadrat metrni tashkil qiladi. Bu o‘zgarish kutuvchilar uchun qulaylik yaratib, 200 nafar kishini bir vaqtning o‘zida qabul qila oladi. Yaqin kunlarda bu hududda qahvaxonalar, muzqaymoq do‘konlari, gul va non mahsulotlari sotiladigan kichik pavilonlar ishga tushiriladi. Yo‘lovchilar va ularni kutib oluvchilar uchun bu nafaqat qulay, balki vaqtni xush o‘tkazish imkonini ham beradi.

Loyiha doirasida avtomobillar harakatini yengillashtirish maqsadida yangi yo‘laklar barpo etildi. Birinchi yo‘lak – turistik avtobuslar va rasmiy aeroport taksilari uchun. Ikkinchi yo‘lak esa kutib oluvchi avtomobillar va taksi agregatorlariga mo‘ljallangan.
Yo‘laklarda 10 daqiqalik to‘xtash chegarasi joriy etilgan. Bu qoidabuzarliklarni aniqlash uchun Ichki ishlar vazirligi tizimi bilan integratsiya qilingan kameralar o‘rnatilgan. Vaqtdan ortiq turib qolgan holatlarda jarima avtomatik yuboriladi. Shuningdek, P2 va P3 avtoturargohlari birlashtirilib, kelish zonasidagi to‘xtash joylari soni 347 tagacha oshirildi.

Yangi 2200 kvadrat metrlik terrasa ham yo‘lovchilar uchun ochildi. Jo‘nash zali ikkinchi qavatida joylashgan bu maydondan yo‘lovchilar, kuzatuvchilar va kutuvchilar erkin foydalanishi mumkin. Terrasada yashil landshaft, soyabonlar va o‘rindiqlar joylashtirilgan. Bu yerdagi mikroiqlim tizimi issiq havolarda salqinlik va yengil shibba shamol yaratib turadi. Shahar panoramasi, terminal fasadi va samolyotlarning uchish-qo‘nish manzarasi bu yerga o‘ziga xos go‘zallik bag‘ishlaydi. Yaqin kunlarda terrasada ham bir nechta zamonaviy kafelar ochilishi rejalashtirilgan.

Jarayonda jo‘nash terminalidagi VIP zali 300 kvadrat metrga kengaytirildi. Endi uning umumiy maydoni 1400 kvadrat metrni tashkil etadi. Yangi dizayn va interer yechimlari orqali zal yanada keng, yorug‘ va shinam ko‘rinishga ega bo‘ldi. Loyihaning so‘nggi bosqichida uchib kelish va jo‘nash zallari yagona terminalga birlashtiriladi. Qurilish tugallangandan so‘ng, umumiy maydon 16 ming kvadrat metrdan ortiq, o‘tkazish quvvati esa soatiga 2400 yo‘lovchigacha yetishi kutilmoqda.
“Toshkent” xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar nafaqat poytaxtga, balki butun mamlakatga munosib qiyofa baxsh etmoqda. Zamonaviy dizayn, qulay infratuzilma va yo‘lovchiga g‘amxo‘r munosabat – bugungi aeroportning asosiy belgisiga aylandi.
Kamola Yusupova, O‘zA